Xalq selektsiyasi

Xalq selektsiyasi – selektsiyaning rivojlanish tarixidagi bir bosqich va yo’nalish; qishloq xo’jalik ekinlarining yangi nav, klon, payvandlarini hamda chorva mollarining yangi zotlari, guruhlarini noma’lum mualliflar, Mirishkor dehqonlar va chorvadorlar tomonidan oddiy usullarda tanlab, saralab yaratilishi. Xalq selektsiyasi bir necha ming yillik tarixni o’z ichiga oladi. O’rta Osiyo hududida ko’pgina madaniy ekinlar — bug’doy, arpa, sholi, meva, uzum, sabzavotpoliz ekinlari va boshqalar bundan bir necha ming yil avval o’stirilganligi ma’lum. Odamlar ekinlarni ekish, ularga ishlov berish bilan bir qatorda ular orasidan qimmatli xo’jalik belgilariga ega bo’lgan nusxa, shakllarini tanlab, saqlab, ko’paytirib borganlar va shu tariqa Xalq selektsiyasi paydo bo’lgan. Chorvachilikda ham asrlar davomida tanlash va saralash asosida qoramol, qo’y, echki, ot va tuyalarning qimmatli xo’jalik belgilariga ega bo’lgan ko’plab noyob zotlari yaratilgan (Xisori, saraji kuy zotlari, qorabayir, Laqay ot zotlari, zebusimon sigar zotlari). Xalq selektsiyasi an’analari hozirgi davrda ham ilmiy selektsiya usullari va muassasalari bilan yonmayon davom etib kelmoqda. O’zbekistonda 20-asrning 40-yillari boshida surxondaryolik Muslima Begimova mashxur «Muslimka» bug’doyini kashf etdi. N. Niyozov (Toshkent viloyati) g’o’zaning meva shoxlari cheklangan navlarini (N, va N2), K. Ne’matshoyev (Andijon viloyati) 108—F navidan meva shoxlarining bo’g’imlari juda kalta, tupi ixchamligi bilan farqlanadigan g’o’za nusxalarini (Paxtaobod navi), U. Abdullayev (Namangan viloyati) Koson navini, N. Haydarov (Farg’ona viloyati) Beshariq navini yaratdilar. 1950-90 yillarda poliz-sabzavotchilikda xalq selektsiyachilari qovun va tarvuzning 50 dan ortiq navlarini (Abbosxon Aligavharov, O’rinboy Karimov, Hoshim Qosimov, Tirkash Tojiev, Hakimpolvon Usmonov, Xo’jamberdi Qo’shoqov, Matvafo Yusupov), kartoshkaning Obidov (Ali Obidov), pomidorning Yusupov (Karim Yusupov) navini yaratdilar va bu navlarning ko’pchiligi davlat reestriga kiritilgan va rnlashtirilgan. Xalq selektsiyachilari yaratgan navlar ekin turlari kollektsiyalarini boyitishda muhim ahamiyatga ega. Bu navlarning ko’pchiligi selektsiyada boshlang’ich material sifatida ham foydalaniladi. Bahodir Normatov, Abdulaziz Abbosov.