Xalqaro astronavtika federatsiyasi

Xalqaro astronavtika federatsiyasi — kosmik fazoni tinchlik maqsadlarida tadqiq qilish va o’zlashtirish muammolari, shuningdek, raketa texnikasi va kosmik huquq masalalari bilan shug’ullanuvchi xalqaro ilmiy tashkilot. 1950 yil astronavtika va raketa jamiyatlarining Parijda o’tkazilgan 1-xalqaro Kongressida 8 ta davlat (Avstriya, Argentina, Buyuk Britaniya, Daniya, Ispaniya, Frantsiya, Germaniya, Shvetsiya) vakillari Xalqaro astronavtika federatsiyasi tuzish haqida qaror qabul qildi. Xalqaro astronavtika federatsiyasi Xalqaro astronavtika Kongressini o’tkazib turadi. 1952 yil Shtutgart (Germaniya) da bo’lib o’tgan 3-xalqaro astronavtika Kongressida Xalqaro astronavtika federatsiyasining nizomi qabul qilindi. 1960 yildan Xalqaro astronavtika federatsiyasi qoshida xalqaro astronomiya akademiyasi va xalqaro kosmik huquq instituti faoliyat ko’rsatadi. Ushbu tashkilotlar o’z nizomi va boshqaruv organlariga ega. Xalqaro astronavtika federatsiyasining asosiy boshqaruv organi Bosh Assambleya bulib, u har yili Xalqaro astronavtika federatsiyasining Kongressi bilan yig’iladi. Bosh Assambleya sessiyasida Xalqaro astronavtika federatsiyasining joriy ishlarini Prezident va 4 ta viseprezidentdan iborat byuro boshqaradi. 40 ga yaqin mamlakatning ilmiy tashkilotlarini birlashtiradi. YUNESKO va xalqaro elektr aloqa Ittifoqi qoshida konsultativ maqomga ega. Xalqaro astronavtika federatsiyasining shtabkvartirasi va kotibiyati Parij shahrida joylashgan.