Xalqaro qishloq xo’jaligini rivojlantirish fondi
Xalqaro qishloq xo’jaligini rivojlantirish fondi (IFAD) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus muassasasi. 1977 yilda BMTning Jahon oziq- ovqat konferentsiyasi qaroriga ko’ra tashkil etilgan. IFAD ning bosh maqsadi — o’z a’zolari bo’lgan rivojlanayotgan mamlakatlarda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish tizimini yaxshilash, iqtisodiy o’sishni ta’minlash, shuningdek rivojlanayotgan mamlakatlarda qashshoqlikda yashaydigan qishloq aholisining sog’lig’i va ovqatlanish darajasini ko’tarishga yo’naltirilgan dastur va loyihalarni to’g’ridanto’g’ri moliyalashtirish va ularga qo’shimcha mablag’lar jalb qilish. Fond o’z a’zosi hisoblangan rivojlanayotgan mamlakatlarga qabul qilingan dastur va loyihalar uchun imtiyozli, oraliq va oddiy shartlarda kreditlar beradi. Fond 1977 yilda 1028 million AQSh dollari miqsorida boshlang’ich mablag’ bilan o’z faoliyatini boshlagan. 2004 yilga kelib uning mablag’i 4 marta ko’paydi. Bu mablag’ning 2/3 qismi fondning a’zosi hisoblangan sanoati rivojlangan mamlakatlar, qolgan uchdan bir qismi rivojlanayotgan mamlakatlar hisobiga shakllangan. OPEK a’zolari fondning asosiy donorlari hisoblanadilar. Hozirga qadar fond 11 ta mamlakatda umumiy qiymati 7,7 milliard AQSh dollariga teng bo’lgan 603 ta loyihani amalga oshirgan. BMT ga a’zo bo’lgan har bir mamlakat IFAD ga ham a’zo bo’lish huquqiga ega. Fondning Boshqaruv Kengashi qaror qabul qiluvchi eng yuqori organ hisoblanadi. Har bir a’zo mamlakat boshqaruv Kengashida o’z vakiliga ega. Fondning Ijroiya Kengashi uning umumiy faoliyatini nazorat qiladi va qarz hamda subsidiyalar berishni ko’rib chiqib, ma’qullaydi. O’zbekiston IFAD ning a’zosi emas, lekin O’zbekistonning bu tashkilotga kirish masalasi ko’rib chiqilmoqda (2004). Shtabkvartirasi Rimda. Rasulmat Husanov.