XALQARO TERRORIZM

XALQARO TERRORIZM — bir davlat hududi doirasidan tashqariga chiqadigan terrorizm; odamlarning behuda halok bo’lishiga olib keluvchi, davlatlar va ular rasmiy vakillarining normal diplomatik faoliyatini buzuvchi, hamda xalqaro aloqalar va uchrashuvlarni, shuningdek, davlatlar o’rtasida transport va boshqa aloqalarni amalga oshirishni qiyinlashtiruvchi xalqaro miqyosdagi ijtimoiy xavfli harakat va kilmishlar yig’indisi. Xalqaro terrorizm XX asrning 60–70-yillariga kelib o’zini yaqqol namoyon qildi: dastlab turli davlatlardagi jinoyatchilar, o’z davlatiga nisbatan ekstremistik ruxdagi guruhlar birlashib, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan orqada qolayotgan va kam rivojlangan mamlakatlarda harakat ko’rsata boshladi. Xalqaro terrorchilar ayrim davlatlarning rahbarlariga, xalqaro miqyosda obro’ga ega bo’lgan siyosatchilarga chetdan turib suiqasd uyushtirish, davlat, transport, aloqa va milliy xavfsizlik tizimini ishdan chiqaruvchi portlashlar va harakatlar sodir etish, transport vositalari, jumladan, samolyotlarni olib qochish bilan shug’ullana boshladilar. 80-yillarga kelib Xalqaro terrorizm yanada jiddiy tus oldi. Begunoh, tinch aholi o’rtasida ko’pdan ko’p qurbonlar bo’lishi, xalqaro terrorchilarning boshqa yovuzliklari jahon jamoatchiligini qattiq tashvishlantirib qo’ydi. Xalqaro terrorizmning oshib borayotgan xavfi va unga qarshi kurash masalalari oliy darajadagi keyingi barcha uchrashuvlarning asosiy mavzusi bo’lib qoldi. Chunki, xalqaro terrorchilar bir tizimga birlashib, baynalmilallashdi. Ular safida turli davlat, millat vakillari, diniy ekstremistik ruhdagi shaxslar, narkobiznes va qurol-yarog’ savdosidan foyda ko’ruvchi jinoiy to’dalar, yollanib xizmat qiluvchilar paydo bo’ldi. Xalqaro terrorchilik va ekstremizm markazlarida razil jinoyatchilarni tayyorlaydigan maxsus lagerlar ochildi. Xalqaro terrorchilar aholini, xususan, dindorlar va yoshlarni davlatga, davlat tashkilotlariga qarshi qo’yishga hamda hokimiyatga qarshi muholafatni shakllantirishga harakat qiladi. O’zbekiston Respublikasi o’z mustaqilligining dastlabki yillaridan boshlab terrorizm va ekstremizmning har qanday ko’rinishiga qarshi qat‘iyat bilan kurashib kelmoqda. 2004- yil 1-yanvardan Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo’mitasi faoliyat ko’rsata boshladi.