Xamir

Xamir — un, suv, sut, yog’, tuz qo’shib tayyorlanadigan yarim fabrikat. Turli taomlar, non, kandolatchilik va makaron mahsulotlari, shirinliklar tayyorlashda ishlatiladi. Mo’ljallangan mahsulotga qarab turli Xamirlar tayyorlanadi. Oddiy oshxamir— tog’orachaga elangan un solinib, oldindan tayyorlangan namakobdan ozozdan qo’shib xamir qoriladi, yaxshilab pishitib iylanadi. Tayyor Xamirni tindirish uchun zuvala qilib, 10-15 minut o’rab qo’yiladi, somsa, chuchvara, ugra, norin, lag’mon va boshqa taomlar tayyorlash uchun yupqa qilib yoyiladi. Bunday Xamirni tayyorlash uchun 1 kilogramm unga 2 stakan iliq suv, 2 choy qoshiq tuz solinadi. Oshirma yoki xamir-turushli non xamir tog’orachadagi suvga tuz va xamirturush solib eritilgach, mo’ljaldagi un solinadi va oz-ozdan suv qo’shib Xamir qoriladi. Tayyor Xamir usti qalinroq narsa bilan yopilib, oshirish uchun bir soatga issiqroq joyga qo’yiladi. Xamirning oshganligi ko’pchishi va orasida mayda g’ovakchalar paydo bo’lganligidan bilinadi. Oshirma Xamir tayyorlash uchun 1 kilogramm unga 2 choy qoshig’ida tuz, 2 stakan iliq suv, 25-30 gramm xamirturush kerak bo’ladi. Oshirma Xamirdan, asosan, nonlar, ayrim somsalar tayyorlanadi. Xamirturushsiz sut, yog’va tuxum o’rama, zangza, chakchak, bo’g’irsoq kabi pishiriqlar tayyorlatshtsa ishlatiladi. Bunday Xamirni tayyorlash uchun 1 kilogramm un, 2 stakan sut yoki shirobcha, 1 osh qoshig’ida sariyog’ yoki eritilgan qo’y yog’i, 1 dona tuxum va 1 choy qoshig’ida tuz kerak bo’ladi. Agar Xamir faqat tuxumning o’zida qoriladigan bo’lsa, 1 kilogramm unga 4-5 dona tuxum kerak bo’ladi. Xamirturushli sut, yog’va tuxum qo’shiladigan Xamirdan turli bulochkalar, Piroglar, Ruletlar tayerlanadi. Bunday Xamirni tayyorlashda barcha masalliqlar un, sut, yog’, tuz, shakar, tuxum, xamirturush va boshqalar birdaniga qo’shib qoriladi. Xamirni tog’oraning o’zida issiq qilib o’rab oshirish uchun olib qo’yiladi. Bunday Xamir uchun 1 kilogramm unga 35-40 gramm xamirturush, 2 stakan iliq sut (yoki 1 stakan sut bilan 1 stakan shirobcha yoki 1 stakan sut, 200 g sariyog’) kerak bo’ladi. Agar tuxumning o’zida qoriladigan bo’lsa, 5-6 dona tuxum, 2 choy qoshig’ida tuz, 3-4 osh qoshig’ida shakar qo’shiladi. Ayrim hollarda xamirturush o’rniga qatiq yoki smetana qo’shish mumkin.