Xanikov Nikolay Vladimirovich

Xanikov Nikolay Vladimirovich (1819.24.10, Kaluga gubernyasining Lixvinsk uezdi — 1878.3.11, Parij yaqinidagi Rambule) — maxsus topshiriq bilan Buxoro amirligiga yuborilgan rus geografi, sharqshunosi va diplomati. Tsarskoe Selodagi litsey (1836)ni tugatib Sharq tillari (asosan, Arab va fors) ni mustaqil o’rgangan. Perovskiy ekspeditsiyasi (1839-40) tarkibida Xiva xonligiga qarshi uyushtirilgan harbiy bosqinda qatnashgan va xonlik haqida josuslik ma’lumotlarini to’plagan. 1841-42 yillarda josuslik niyatidagi Butenev missiyasi tarkibida Buxoro amirligida bo’lgan. Zakavkaze o’lkasi Bosh boshqarmasining diplomatik Kandelyariyasi xodimi (1845-50). Rus geografiya jamiyati Kavkaz bo’limi rahbari (1850— 54), Tabriz (Eron)da bosh konsul (1854— 57), Xurosonga uyushtirilgan ilmiy ekspeditsiya rahbari (1858— 59). 1860 yildan umrining oxirigacha Parij va uning atrofida yashagan. Xanikov Turkiston, Buxoro, Eron, Afg’oniston, Kavkaz xalqlari tarixi, etnografiyasi, geografiyasiga oid ko’plab asarlar yozgan. As: Opisanie Buxarskogo xanstva, S.P.6., 1843. Ld.:Xalfin N. A., Rassadina E. F., Xanikov — vostokoved i diplomat, M., 1977; Istoriya Uzbekistana v istochnikax i soobtsheniyax puteshestvennikov i uchenix (20— 80E. godi XIX), T., 1990; G’aniev I., Mustanov K., Turkiston va N. V. Xanikov, Buxoro, 1995.