Xanti-Mansiysk

Xanti-Mansiysk (1940 yilgacha Ostyakovogulsk) — Rossiya Federatsiyasi Tyumen viloyati Xanti-Mansilar Muxtor okrugidagi shahar (1950 yildan), okrug markazi. Irtish daryosining o’ng sohilida. Daryo porti. Aholisi 35,9 ming kishi (1998). 1931 yilda ishchilar shaharchasi — muxtor okrugining markazi sifatida vujudga kelgan. 1934 yildan Omsk viloyati, 1944 yildan Tyumen viloyati tarkibida. Shahar tarkibiga 16-asrdan ma’lum bo’lgan Samarovo qishlog’i ham kiradi. Yetakchi sanoat tarmog’i — baliq sanoati. Shuningdek, o’rmon sanoati ham mavjud. Asosiy korxonalari: baliq konservalash, yog’ochsozlik kombinatlari, taxta tilish zavodi, mebel fabtikasi. Yirik darrandachilik xo’jaligi; chekka Shimol qishloq xo’jalik ilmiy tadqiqot institutining tajriba stansiyasi bor. O’lkashunoslik muzeyi ishlab turibdi.