Xarakter
Xarakter — adabiyot va san’at asarlarida xususiy belgilari mukammal tasvirlangan va o’zida fe’l-atvor (xatti-harakat, kechinma, fikriy va nutqiy faoliyat)ning tarixan aniq tipini mujassamlantirgan, shuningdek, muallifning ma’naviy-estetik kontsepsiyasini ifodalagan inson obrazi. Badiiy Xarakter umumiy (takrorlanuvchi) va xususiy (takrorlanmaydigan); ob’yektiv (badiiy Xarakterga proobraz bo’lib xizmat qilgan kishi hayotining ijtimoiypsixologik asoslari) va sub’yektiv (proobrazning muallif tomonidan idrok va talkin etilgan) belgilarning o’zaro uyushgan hosilasidir. Adabiyot va san’at asarlaridagi Xarakter tushunchasi falsafa, sotsiologiya va psixologiyadagi ayni tushunchadan inson obrazining kontsepsiyaviyligi bilan ajralib turadi. Xarakter tushunchasi ilk marta Yunonistonda, badiiy ijod ruhiy madaniyatdan ajralib chiqqan bir davrda paydo bo’lgan. Xarakterning antik davrda ifodalagan mazmuni uning hozirgi talqinidan keskin farq qilgan. «…Shoirlar ishtirokchilarning xarakterlarini tasvirlash uchun ularni asarga olib kirishmaydi, — deb yozgan edi Aristotel «she’riyat san’ati to’g’risida»gi risolasida, — balki ularning xatti-harakatlari orqali xarakterlarini ham (asar doirasiga) jalb etishadi». Antik davr tragediyasida ham inson obrazi (Xarakter) emas, balki voqea asar g’oyasini ifodalab kelgan va muhim badiiy obraz hisoblangan; personajlar asardagi muayyan badiiy vaziyatda o’ynagan roli bilan bir-biridan farqlangan. Personaj Xarakterining mustaqil g’oyaviy-badiiy ahamiyatga ega ekanligi antik davrdayoq anglashila boshladi. Chunonchi, Plutarx «parallel hayotnomalar» asarida qahramonlarni ular «taqdir»i va Xarakteriga ko’ra o’zaro qiyoslagan. “Xarakter” atamasining bunday 2 xil ma’noda qo’llanishi 18-asrgacha davom etib keldi. Adabiyot va san’atning keyingi rivojlanishi natijasida Xarakter fabuladyan, asar syujetidan tamomila ajralib chiqdi. Uzoq davom etgan tarixiy-adabiy jarayonda Uyg’onish va klassisizm davrlari alohida ajralib turadi. Uyg’onish davrida Xarakter xulq-atvorning muayyan belgilaridan forig’ bo’lib, umuminsoniy hodisa sifatida namoyon bo’la boshladi. U nafaqat antik davr va o’rta asr uchun muhim bo’lgan madaniylik va yovvoyilik, diniy e’tiqod va e’tiqodsizlik singari o’zaro qarama-qarshi belgilardan, balki turli ruhoniy sifatlardan ham xoli bo’lib bordi. Uyg’onish davri qahramonlarining Xarakterida harakatchanlik, o’zgaruvchanlik ko’zga yaqqol tashlandi. Klassisizm Xarakterning yana avvalgi statik holatiga qaytdi va ayni paytda diqqat e’tiborini shaxsning ongiga — «burch» bilan «ko’ngil»ning ikkisidan birini tanlash masalasiga qaratdi. Romantizm esa Xarakterni shaxsning ichki olami bilan mushtarak bo’lgan hodisa sifatida talqin etdi. 19-asrda tantsidiy Realizmning maydonga kelishi bilan Xarakter shaxs bilan jamiyat urtasidagi o’zaro munosabatning uzviy birligi sifatida uzil-kesil shakllandi. Adabiyot va san’at asarlarida qahramon shaxsining tashki va ichki mohiyati uning Xarakterini belgilaydi hamda bu qahramon Xarakteri muallifning va boshqa personajlarning u haqsagi tavsifnomalari, shuningdek, syujet rivojidagi o’rni va roli bilan inkishof etiladi. Masalan, Abdulla Qodiriyning «O’tgan kunlar» romanidagi Otabek Xarakteri, bir tomondan, yozuvchi bilan birga marg’ilonlik birodarlarning tavsifnomalari, baholari, munosabatlari, ikkinchi tomondan, mazkur qahramonning asar syujetida, voqealar rivojida o’ynagan roli orqali aniq qirralar kasb etadi. Shu fikr romandagi boshqa yetakchi qahramonlar Xarakteriga ham oiddir. Adabiyot va san’at asarlarida tasvirlangan qahramonlar har doim ham Xarakter darajasiga ko’tarila bermaydi. Xarakter, obrazdan farqli o’laroq, yozuvchidan katta mahoratni, qahramonning muayyan tarixiy-ijtimoiy va madaniy-ma’rifiy sharoitdagi o’ziga xos o’rni va xususiy belgilarini teran ochishni taqozo etadi. Shu ma’noda epik janrlar yozuvchiga qahramon Xarakterini yorqin yaratish imkonini beradi. Masalan, M. Sholoxovning «inson taqdiri» hikoyasida murakkab va mashaqqatli hayot yo’lini bosib o’tgan, ammo shunga qaramay, o’zining ezgu insoniy fazilatlariga gard ham yuqtirmagan Sokolov Xarakteri katta mahorat bilan yaratilgan. Bunday holni G’afur G’ulomning «mening o’g’rigina bolam», «Hasan Kayfiy», Abdulla Qahhorning «o’g’ri», «Anor» kabi hikoyalarida ham uchratish mumkin. Har bir milliy adabiyotning boyligi qahramonlar Xarakterining rang-barangligi bilan ham belgilanadi. Agar Abdulla Qodiriy o’zbek adabiyotiga Otabek va kumush, Yusufbek hoji va O’zbek oyim singari o’z siymosida o’zbek xalqi tarixining muayyan tarixiy davrini va shu xalqning muayyan katlamini ifodalagan Xarakterlarni olib kirgan bo’lsa, Oybek 20-asr boshlarida yashagan Yo’lchi, Gulnor, Shoqosim, Qoratoy, Yormat singari 20-asr boshlarida yashagan mehnatkashlarning rangbarang tiplari bilan boyitdi («qutlug’qon»), Navoiy, Husayn Boyqaro, Nizomulmulk, Majididdin singari tarixiy, Sulton- Murod, Zayniddin, To’g’onbek singari to’qima qahramonlar Xarakterini kashf etdi («Navoiy»). Shunday o’ziga xos Xarakterlar Shayxzoda, Mirtemir, S. Abdulla, M. Osim, R. Fayziy, O. Yokubov, P. Qodirov, Sh. Xolmirzaev kabi yozuvchilar ijodida ham ko’plab uchraydi. Badiiy kashfiyot darajasiga ko’tarilgan Xarakter, ijobiy yoki salbiy mohiyatga ega bo’lishidan qat’i nazar, har bir adabiyotning badiiy boyligini tashkil etib, o’zi mansub bo’lgan xalqning milliy Xarakterini, milliy o’ziga xosligini badiiy mujassamlantirgani bilan ahamiyatlidir. Li.: Timofeev L. I., Osnovi teorii literaturi, M., 1971; Sultonov I., Adabiyot nazariyasi, T., 1980; Xrapchenko M. B., Gorizonti xudojestvennogo obraza, M., 1982; Vvedenie v xudojestvennuyu xarakterologiyu, Samarkand, 1983. Naim Karimov.