Xarappa madaniyati

Xarappa madaniyati, Hind vodiysi tamadduni — jez davriga oid yuksak rivojlangan shahar madaniyati (miloddan avvalgi 2500-1800 yillar). Hindistonning qadimgi aholisi — dravidlar tomonidan yaratilgan deb taxmin etiladi. Hindiston va Pokistonning Hind daryosi vodiysi va unga ko’shni viloyatlardagi ulkan hududga (300 ming kvadrad kilometr maydonga) tarqalgan. Xarappa savdo koloniyasi manzilgohi, Shimoliy Afg’onistonda — Amudaryoning so’l qirg’og’idagi Sho’rto’qay qishloq xarobasidan aniqlangan. Xarappa madaniyati aholisi dengiz va quruqlik orqali Mesopotamiya va O’rta Osiyo bilan qizg’in savdo aloqalari olib borgan. Xarappa madaniyatining iqtisodiy asosini sug’orma dehqonchilik, shuningdek, uy chorvachiligi va hunarmandchilik tashkil etgan. Bu madaniyatga oid 2 asosiy shahar — Mohenjo Daro va xarappada olib borilgan qazishma ishlari shaharsozlik san’ati yuksak darajada taraqqiy etganidan dalolat beradi. Bu shaharlarning aholisi 100 ming kishiga yetgan. Shaharlar reja asosida qurilib, qal’a (Ark) va quyi shahar qismidan iborat bo’lgan shahar ko’chalariga pishiq g’isht yotqizilgan, ariqlar o’tkazilgan. Kengligi 10 metrga yetgan ko’chalar qat’iy to’rtburchak hosil qilib o’zaro kesishgan. Ko’chalarning har 2 tomonida pishiq g’ishtdan ishlangan 2 va hatto 3 qavatli binolar qad. ko’targan; ularning suv ta’minoti va kanalizatsiyasi tizimi puxta ishlab chiqilgan. Badavlat shaharliklar uylarida 30 tagacha xona bo’lgan. Xarappaliklar uzunlik va og’irlik o’lchov birliklari tizimidan xabardor bo’lishgan. Xarappa madaniyati aholisining original yozuvni kashf etgani ushbu madaniyatning yorqin yutuqlaridan biridir. Bu yozuv bitilgan mingdan ortiq muxr, shuningdek, sopol va metall buyumlar topilgan, lekin, ularni hanuzgacha o’qishga muvaffaq bo’linmagan. Professor Yu. Knorozov rahbarligidagi olimlar tomonidan matematik metodlar qo’llanishi natijasida yozuv o’ngdan chapga yo’nalgani va protodravidlarga mansubligi aniqlangan. Xarappa madaniyatining halokatga uchrashi (hasidoriylar istilosi, ekologik sharoitning o’zgarishi, bezgak epidemiyasi) sabablari noma’lum. Ad.: Kosambi D., Kulturam tsivilizatsiya drevney Indii. Istoricheskiy ocherk, M., 1968; Kultura drevney Indii, M., 1975; Beshem A., Chudo, Kotoraya bila Indiya, M., 1977; G’iyosov T.G’., Qadimgi Hindiston tarixi, T., 2000; Indiya i Tsentralnaya Aziya (doislamskiy period), T., 2000.