Xatlon viloyati

Xatlon viloyati – Tojikiston Respublikasi Janubi g’arbidagi viloyat. 1992 yilda Ko’lob va Qo’rg’ontepa viloyatlarining qo’shilishi natijasida vujudga kelgan. Xatlon viloyati sharqdan tog’li Badaxshon Muxtor viloyati, shimoldan Respublikaga bo’ysunuvchi tumanlar, g’arbdan O’zbekiston Respublikasi, Janubdan Afg’onistan bilan chegaradosh. Maydoni 24,6 ming km2. Aholisi 2151 ming kishi (2002), asosan, tojiklar, shuningdek, o’zbek, turkman, Arab, rus, lo’li, tatar, qirg’iz, koreys, nemis, afg’on va boshqalar jami 40 ga yaqin millat vakillari ham yashaydi. Markazi — Qo’rg’ontepa shahri. Tarkibida 24 tuman, 5 shahar, 18 shaharcha va 128 qishloq fuqarolari yig’ini bor. Xatlon viloyati Qo’rg’ontepa va Ko’lob qismlariga bo’linadi. Qo’rg’ontepa qismining iqlimi subtropik. Yanvar oyidagi o’rtacha temperatura vodiylarda g—3°, tog’larda -2° gacha, iyul oyida vodiylarda 30°, zg, tog’larda 24°, 26°. Yillik yog’in 150— 200 mm dan 500 mm gacha. Qo’rg’ontepa tomonida Vaxsh va Kofarnihon vodiylari joylashgan. Ushbu hududda Bobotog’, Oqtog’, Rangontog’, Qoratog’ va Teraklitog’lar mavjud. Vaxsh daryosining quyi qismida «Polvonto’qay» to’qayzori joylashgan. Ko’lob tarafida Sarsarak, Ilontog’, Tik tog’lari, Hazrati Shoh tog’lari, shuningdek, Xo’ja Sarez va Xo’ja Mo’min yonida tuz gumbazlari mavjud. Qizilsuv (Surxob) va Yaxsuv daryolaridan sug’orishda foydalaniladi. Eng yirik daryosi — Panj. Ko’lob qismining Janubda subtropik iqlim. Vodiylarda yanvarda o’rtacha temperatura -2° gacha, iyulda 22°-30°. Yillik yog’in 200-400 mm. Tog’yon bag’irlarida yillik o’rtacha temperatura yanvarda -2°, -4°, iyulda 20°-24°, yillik yog’in 600-800 mm, Janubi g’arbidagi pasttekisliklarda 200-400 mm. Shimol qismidagi vodiylarda havo nisbatan salqinroq. Yillik yog’in 1000 mm. Dang’ara, Mo’minobod, Xovaling, Chubek va Farxor atrofidagi tog’ yon bag’irlarida pista, yong’oq, anor, olcha, o’rik, nok, tut, bodom, do’lana, jiyda, archa va boshqalar o’sadi. Janubi sharqida tokzor va lalmi sharoitlarga moslashgan boshqa mevali daraxtlar mavjud. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, jayra, ilon, yovvoyi mushuk, tog’echkisi, kiyik; qushlardan kaklik, bedana, burgut, o’rdak, laylak va boshqalar uchraydi. Foydali qazilmalardan oltin, ko’mir, gaz, neft, torf va boshqalar bor. Sanoati paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati (yog’-moy, konserva, go’sht, pivo pishirish, tuz), kimyo (azotli o’g’itlar), elektrotexnika (transformator), qurilish materiallari (temirbeton, g’isht, ohak) ishlab chiqarish korxonalaridan iborat. Vaxsh daryosida Sarband, Markaziy, sharshara elektr styalari, Boyg’ozi gidrouzeli ishlab turibdi. Respublikadagi eng yirik Norak GES ham shu viloyat hududida joylashgan. Qo’rg’ontepa va Ko’lobda aeroportlar bor. Respublikada yetishtiriladigan paxtaning asosiy qismi, jumladan, ingichka tolali paxtaning barchasi ushbu hududda yetishtiriladi. Shuningdek, bog’dorchilik, tokchilik, limonchilik, pillachilik, chorvachilik (jumladan, qorako’lchilik) rivojlangan. G’allachilik, sholichilik keyingi yillarda tez rivojlandi. Asalarichilik yaxshi yo’lga qo’yilgan. Vaxsh tuproqshunoslik-melioratsiya stansiyasi faoliyat ko’rsatadi. 1960-70-yillarda Yovon, Obikiik, G’aravuti, Toshrabod, Qarodum, Beshkent vodiysi va Dang’aradagi qo’riq va bo’z yerlar o’zlashtirilib paxtazorga aylantirilgan. Viloyatda 1187 umumiy ta’lim maktabi, 9 o’rta maxsus bilim yurti va 2 ta universitet joylashgan. 3 teatr, 6 muzey, 502 jamoat kutubxonasi bor. Xatlon viloyati aholisi qadimdan hunarmandchilikning zargarlik, kulolchilik, egarchilik, kashtachilik va boshqa turlari bilan shug’ullanadi. Viloyatda Hazrati Amir Sayd Hamadoniy (Ko’lob shahrida), Hazrati uzun Ostona (Jiliko’l tumanida), Chiluchor chashma (Beshkentda) va boshqa ziyoratgohlar mavjud. Nasriddin Mamanazarov.