Xin daraxti, tsinxona

Xin daraxti, tsinxona (Cinchona) — ro’yandoshlarga mansub doim yashil o’simliklar turkumi. Daraxt va butalardan iborat 40 turi bor. Xin daraxti dengiz sathidan 1000-3000 metr balandda, Janubiy Amerikada and tog’larining Sharqiy yon bag’irlarida yovvoyi holda o’sadi. Indoneziya, Hindixitoy, Hindiston, Shri-Lanka orolida keng miqyosda ekiladi. Zakavkazening Qora dengiz sohillarida qalamchasidan bir yillik o’simlik sifatida o’stiriladi. Bo’yi 10-20 metr, barglari oddiy, yaltiroq, chetlari tekis. Gullari ikki jinsli, qizil, pushti, oqimtir, ro’vak to’pgul hosil qiladi. Mevasi ikki pallali ko’sakcha. Ko’p ekiladigan turlaridan qizg’ish Xin daraxti (S. succirubra), Lejer Xin daraxti (S. ledgeriana), ulkan Xin daraxti (S. robusta) ma’lum. Xin daraxtining hamma organlari, asosan, po’stlog’i 30 dan ortiq turli alkaloidlarga boy. Xin daraxtidan olinadigan alkaloidlardan eng muhimi xinin hisoblanadi.