Xitoy, qtoy, kidan
Xitoy, qtoy, kidan — turkiy urug’lardan biri. Ularning ajdodlari qadimgi kidanlar bo’lgan. 11-asrga kelib ularning shimoliy Xitoydagi davlati tugatilgach, bir qismi O’rta Osiyoga ko’chib o’tgan. Manbalarda ularni qora Xitoy deb atashgan. 16-asrda Xitoylarning bir qismi Shayboniyxon qo’shinlari tarkibiga kirgan. 17-asrda Xitoylarning katta guruhi qipchoqlar bilan birgalikda Xitoy qipchoqlar qabilaviy ittifoqini tuzganlar va O’rta Zarafshon vohasiga ko’chib o’tganlar. Bu qabilaviy ittifoq 19-asrning o’rtalarigacha davlatning siyosiy hayotida muhim o’rin tutib kelgan. Xitoylar 3 katta uruqqa bo’lingan: qanjig’ali Xitoy, qo’shtamg’ali Xitoy va o’tarchi. 19-asrning 70-yillarida Samarqand viloyatida yashovchi Xitoylar 45 ming kishini tashkil qilgan. Xitoylar Buxoro, Xorazm viloyatlarida ham yashaganlar. Xitoylar qozoq, qirg’iz, qoraqalpoq, boshqird va boshqa turkiy xalqlar tarkibiga kirgan. Ad.: Shaniyazov K., K etnicheskoy istorii uzbekskogo naroda, T., 1977.