Xivchinoyoqlilar

Xivchinoyoqlilar (Pedipalpi) o’rgimchaksimonlarning bir guruhi. Xivchinoyoqlilarning 3 turkumi: telifonlar, tartaridalar va Frinlar bor. Telifon (chayono’rgimchak)lar (70 tur) tanasi 7 santimetrgacha. Bosh ko’kragi birikkan, qorni bo’g’imlarga bo’lingan ipsimon dum bilan tugaydi. Tartaridalar (30 tur) tanasi 2-7 millimetr. Ko’zi yo’q. Tuproqda, o’simlik qoldiqlari ostida va boshqa joylarda yashaydi. Tuxumini tuproqdagi chuqurchaga qo’yadi va shu yerda tuxumdan bolalari chiqadi. Frinlar (50 tur) kattaligi 45 millimetrgacha. Boshko’kragi qalqon bilan qoplangan. Urg’ochisi 60 ga yaqin tuxumini qorni tagida olib yuradi. 3 yoshda voyaga yetadi. Xivchinoyoqlilar, asosan, tropik mintaqalarda tarqalgan. Hasharotlar va boshqa mayda umurtqasizlar bilan oziqlanadi.