Xizr, Hazrati Xizr, Xizr buva

Xizr, Hazrati Xizr, Xizr buva — Islom rivoyatlaridagi shaxs, taqvodor inson. Xizr Qur’onda tilga olinmagan, lekin ulamolar Qur’onda «Allohning quli» nomi bilan tilga olingan shaxsni Xizr deb talqin qiladilar. Xizrga odamlarda Allohga bo’lgan e’tiqodni qo’llab turish uchun Iso, Ilyos va Idris singari abadiy hayot ato etilgan. U hayot bulog’idan «obi hayot» ichgan va umri boqiy bo’lgan. O’ng qo’lining bosh barmog’i suyaksiz bo’lishi, nogahonda yo’liqib, bir zumda ko’zdan g’oyib bo’lishi Xizrga xos belgi sanaladi. Rivoyatlarga ko’ra, Xizr orollarda yashaydi, osmonda uchadi, dunyo bo’ylab kezib yuradi, har yili haj qiladi, juma kunlari Makka, Madina va Quddus shaharlaridagi masjidlarda namoz o’qiydi. Dengizda suzuvchilarga homiylik qiladi, maxsus duolar bilan chaqirilsa, yordamga keladi: suvga cho’kayotganlarni qutqaradi, yong’inni o’chiradi, o’g’rilar xurujidan, jinlarning xiylalaridan, ilon chaqishidan asraydi. Chol, suvori yoki yo’lovchi ko’rinishida paydo bo’ladi, dehqon dalasiga yoki xirmonga nazar tashlasa, hosil barakali bo’ladi va hokazolar. Sufiylar Xizrni avliyolar piri sifatida e’zozlaydi. Islom an’anasida Xizrning umri boqiy deb talqin etilganiga qaramay, Musulmon mamlakatlarida Xizrning bir qancha qabri bor va ular musulmonlarning ziyoratgohlariga aylantirilgan.