Xlorozlar

Xlorozlar (Yunoncha chloros — och yashil, yashilsarg’ish), o’simlik barglarining rangsizlanishi — barglarning qisman yoki butunlay sarg’ayishi bilan kechadigan kasallik. Xlorozlarda bargda xlorofill hosil bo’lishi buziladi va fotosintez jarayoni susayadi (barglarning maydalashuvi, ularning barvaqt to’kilishi, poya uchlarining qurishi, ildiz tuklarining nobud bo’lishi va boshqalar kuzatiladi). Patogen mikroorganizmlar, tuprokda temir va boshqa mikroelementlarning yetishmasligi hamda yuqori namlik sabab bo’ladi. Ko’proq mevali va manzarali o’simliklar zararlanadi. Infektsion (yuqumli) Xlorozlarga viruslar, zamburug’lar va boshqa mikroorganizmlar, shuningdek, virusli Xlorozlarni tarqatuvchi zararkunandalar (tripe, shiralar va boshqalar) sabab bo’ladi. Irsiy Xlorozlar (ola Chiporlar) manzarali o’simliklarning ma’lum shakli va navlari uchun normal holat. Noinfektsion yoki funktsional Xlorozlar noqulay tuproqiqlim sharoiti hamda ekinlarni o’stirish texnologiyasi buzilganda kelib chiqib, tabiatda ko’proq uchraydi. Noinfektsion Xlorozlar mineral oziq moddalar — temir, rux, magniy va boshqalar yetishmasligi yoki ular faolligining buzilishi natijasida yuz berishi mumkin. Xlorozlar qishloq xo’jaligiga katta zarar keltiradi. Karbonat angidrid gazining o’zlashtirilishi va organik moddalar hosil bo’lishining keskin susayishi tufayli kasallangan o’simlik o’sish hamda rivojlanishdan orqada qoladi, hosil kamayadi va sifati yomonlashadi. Sug’orib yetishtiriladigan ekinlarda Xlorozlar karbonat tuzlariga boy tuproqli joylarda ko’p kuzatiladi, chunki karbonatlar temir tuzlarini suvda erimaydigan birikmalarga aylantirib yuboradi, temir yetishmasligi sababli barglar rangsizlanadi. Shuningdek, ekinlarda Xlorozlar suv kuchli minerallashganda, ya’ni tuproqda har xil mineral tuzlar ko’p bo’lganda ham yuz berishi mumkin. Kurash choralari: yerga temir tuzlari, mineral va mikroo’g’itlar solish, Drenajlar qurish, so’ruvchi hasharotlar va begona o’tlarga qarshi kurash, almashlab ekish, kuzgi shudgorlash.