Xoja Abdulqodir Marog’iy

Xoja Abdulqodir Marog’iy (to’liq ismi Xoja Abdulqodir bin G’oibi alhofiz almarog’iy) (14-asr 2-yarmi, Marog’a shahri — 1434/35) — sozanda (ud, chang, nay), xonanda, bastakor va musiqashunos. Hayoti asosan jaloyirining davlatida o’tgan. Amir Temur uni Bag’doddan Samarqandga olib kelgan va 1394-1405 yillarda u Sohibqiron, so’ng Shohrux Mirzo, Xalil Sulton saroylarida umrining oxirigacha xizmat qilgan. Xoja Abdulqodir Marog’iy musiqa nazariyasi sohasida boy meros qoddirgan: «Kanz ulalhon» («Kuylar xazinasi»), «jome ulalhon» («Kuylar majmuasi»), «Maqosid ulalhon» («kuylar hosil qilish o’rni»), «Sharhaladvor» (Safiuddin al-Urmaviyning «kitob uladvor»iga sharh) va boshqalar. Shuningdek, u «kitob uladvor»ni turk tiliga tarjima qilgan. Xoja Abdulqodir Marog’iy asarlarida Forobiy, Safiuddin alUrmaviy, Mahmud ashsheroziylarning musiqaga oid nazariy fikrlarini rivojlantirib, qator masalalarda aniqdiklar kiritgan (masalan, advor ilmida jamlar doiralarining 103 xilini keltirgan). U o’z davrida qo’llanilgan 45 cholg’u (ud, rubob, chang, yotug’on, ruhafzo, egri, qo’biz va boshqalar) ni tavsiflagan. Xoja Abdulqodir Marog’iy udi murassa’deb atalgan torli soz ixtiro qilgan. Bastakor sifatida Sharq xalqlari musiqasida mashhur tasnif, peshrav, amal, savt shak- llarida («tasnifi Xoja Abdulqodir», «Amali Bo’ston» kabi) kuy va ashula yo’llari, yangi (zarbul fath, Chohor zarb singari) doira usullari yaratgan, ularning ba’zilari hozir ham ijro etiladi (masalan, turklarda «Qiyor» kuyi va boshqakar). U fors va turk tillarida g’azallar ham yozgan; g’azallari ravonligi va musiqiyligi bilan ajralib turadi. Xoja Abdulqodir Marog’iyning merosi Eron, Ozarbayjon, Xuroson, Iroq, Turkiya, O’rta Osiyo (xususan, Uzbekistan) xalqlari musiqa tarixini o’rganishda muhim manbalardandir.