Xoja Ubbon

Xoja Ubbon – Buxoro shahridan 50 kilometr shimoli g’arbda, Dashti Urganjiy qumligida joylashgan shifobaxsh suvli quduq va qadamjo (sag’anali daxma). Aslida u «Xoja obbon» shaklida yuritilib, «suv qo’riqchisi, suv homiysi» ma’nosini anglatgan. Rivoyat qilinishicha, Xoja Ubbon Amudaryo qayiqchi va kemachilarining shfi va suv muakkili: qoqshoq qo’riq yerlar va dashtlarga bulutlarni haydab yomg’ir yog’diradigan avliyo hisoblangan. Shu boisdan Buxoro viloyatining suvsiz dashtliklaridagi ayrim qishloq va qadamjolar Ubbon, Sulton Xubbi, Hazrat Xubbin va Oqshix bobo kabi nomlar bilan ataladi. Xoja Ubbon qudug’ining suvi mineral tuzlarga boy, ta’mi sho’r va achchiq bo’lib, o’tmishda teri kasalliklariga yo’liqqan kishilarning davolanish maskani va ziyoratgohi bo’lgan. Xoja Ubbon ziyoratgohi ilgari bir necha inshootlar majmuidan iborat bo’lgan. Quduq usti pishiq g’ishtdan Chortoq uslubida gumbazli bino, uning yonginasida xonaqoh va panja shaklida mis tug’lar ishlangan, bir nechta sag’analarning bosh qismida arxar shoxlar o’rnatilgan. 1964 yilda Xoja Ubbon qudug’i ustidan 14-asr me’moriy hamda Nodir gidrotexnika obidasi buzib tashlangan. Biroq, ko’p vaqt o’tmay u joyda yangi quduq kavlanib, yangi imoratlar qad ko’tardi, sag’analar ta’mirlandi, davolanuvchi ziyoratchilarning soni esa ortib bordi. Ad. Ayniy S, Esdaliklar, T., 1953; G’ulomov Ya., Xorazmning sug’orilish tarixi. Qadim zamonlardan hozirgacha, T., 1959; Yo’ldoshev N., Buxoro avliyolarining tarixi, Buxoro, 1997. Abdulahad Muhammadjonov.