Xo’jaikon tuz koni

Xo’jaikon tuz koni – Surxon daryo viloyatining Sherobod tumanidagi kon, 1942 yilda ishga tushirilgan. Kon yotiq sinklinal burmada joylashgan, bunda tuz qatlamlari teskari qatlamlangan bo’lib, oq tuzlar yuqori, qizil tuzlar pastda joylashgan. Qizil tuz katlamlarida kaliy tuzlarining 6 qavati ajralib turadi. Tuzlarning razvedka qilingan zaxirasi 46 million tonna, yiliga 150 ming tonnadan karyerlardan qazib olinmoqda. Xo’jaikon tuz konida osh tuzi yirik donali, tarkibida 92,3— 99,7% NaCl mavjud. Kondagi osh tuzi qatlamining qalinligi 350-400 metrga yetadi. Rangi oq, sariq, pushti, qizil. Tuz qatlamlari 150-300 metr qalinlikdagi qum, gil, qumtosh, ohaktosh kabi to’rtlamchi va quyi bo’r davrlariga mansub yotqiziqlar bilan qoplangan. Xo’jaikon tuz koni hozirgi kunda mamlakat ahamiyatiga molik sanoat korxonasidir. Yiliga 93 ming tonna osh tuzi qazib chiqarilmoqda. 1995 yil AQShdan keltirilgan jihozlar bilan ishlaydigan iste’mol tuzi ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirilgan.