Xo’jayev Nizomiddin Asomiddinovich

Xo’jayev Nizomiddin Asomiddinovich (1885 — Toshkent — 1942) — siyosat va jamoat arbobi. Boshlang’ich rus-tuzem maktabi (1900) va O’rta Osiyo universitetining ijtimoiy fanlar fakultetida (1929) o’qigan. 1901 yilda Toshkentdagi Ilin bosmaxonasida ishchi bo’lib ishlagan. «Turon» jamiyatida faol qatnashgan (1913-17). 1916 yildan O’rta Osiyoda ko’tarilgan qo’zgolonni kuvvatlab, xalqni podsho Rossiyasiga qarshi kurashga da’vat etgan. Fevral inqilobi (1917)dan so’ng Toshkent eski shahar hunarmandlar uyushmasi rahbari, oziq-ovqat qo’mitasi a’zosi. Turkiston muxtoriyatini quvvatlab, Toshkentda o’tkazilgan namoyishning tashkilotchilaridan biri (1917 yil dekabr). Keyinchalik bolsheviklarga yaqinlashib, partiya safiga kirgan (1918). Toshkent Eski shahar Soveti Ijroiya qo’mitasi raisi, eski shahar partiya komiteti kotibi (1918— 19). Fargona viloyati inqilobiy qo’mitasi raisi, Turkiston ASSR miq a’zosi (1919-20). Turkiston Kompartiyasi huzuridagi musulmonlar byurosi ishida qatnashgan. Xo’jayev 1921-23 yillarda butun Rossiya yog’och sanoati viloyat bo’limi va Turkiston Kompartiyasi Markaziy nazorat komissiyasi raisi lavozimlarida ishlagan. 1924 yil martda Xorazm Xalq Sovet Respublikasshg. mas’ul lavozimga jo’natilgan. Keyinchalik O’zbekiston SSR Davlat Plan komissiyasida prezidium a’zosi (1929-32; 1933 yildan), O’zbekiston tarixiy yodgorliklari va san’atini saqlash komiteti raisi (1932-33). 1934 yildagi «tozalash» kompaniyasidan keyin ijtimoiy faoliyatdan chetlashtirilgan. Keyinchalik Qatag’on qilingan va 1942 yilda otib tashlangan. Ulimidan so’ng oqlangan. Toshkentdagi ko’chalardan biriga uning nomi qo’yilgan. Ld..Azizzoda L. Yangi hayot kurashchilari. T., 1977; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti, T. 2000; Rajabov Q., Haydarov M. Turkiston tarixi (1917— 1924), T., 2002.