Xo’jayev Olim
Xo’jayev Olim (1910.24.9, Buxoro 1977.14.2, Moskva, Toshkentga dafn qilingan) — aktyor, rejissyor, jamoat arbobi. O’zbekiston xalq artisti (1948). Buxoro maorif bilim yurtini tugatgan (1929). 1929-77 yillar Hamza teatrida aktyor (1975-77 yillar direktor). 30-yillar kalaf (K. Gossi, «Malikai Turandot»), Yarovoy (K. Trenyov, «Lyubov Yarovaya») kabi obrazlarni yaratdi. Yuksak ijrochilik mahorati, sahnaviy jozibasi, ma’noli va nafis harakatlari, talaffuzining ravon va ohangdorligi — san’atkorning o’ziga xos ijodiy tabiatini belgiladi. Ijodi davomida 100 dan ortiq obrazlar yaratdi. Ularning badiiy darajasi — aktyorning xarakterli rollardan kura, e’tiqodli, Fozil va chuqur falsafiy fikrlaydigan, qat’iyatli shaxslar obrazini gavdalantirishga moyilligi ko’proq sezildi. O’zbek teatri tarixidan oltin sahifa bo’lib o’rin olgan obrazlaridan biri Hamlet (U. Shekspir, «Hamlet»)dir. U yaratgan Hamlet kuchli ehtirosi va ulug’vorligi bilan ajralib turadi (30 yil davomida uzluksiz ijro etgan). Aktyor Hamza (K. Yashin, A. Umariy, «Hamza») obrazini yaratish bilan ham o’z ijodida alohida sahifa ochdi. Qahramoniga xos serg’ayrat harakatlar, shoirona tabiati, ichki va tashqi qiyofasini ochishda Hamza bilan shaxsan tanish bo’lgani katta yordam berdi. Aktyor o’z qahramonini ijtimoiypsixologik obraz darajasiga ko’tarib muvaffaqiyat qozondi («O’zbekfilm»da yaratilgan «Hamza» badiiy film»da ham Hamza obrazi Xo’jayev tomonidan yaratilgan). «Alisher Navoiy» (Uyg’un, I. Sulton) dramasidagi Navoiy obrazi nafaqat teatr tarixida, balki aktyor ijodida ham aloxida o’ringa ega. Hayotga chinakam ijodkor ko’zi bilan qaragan, o’zbek xalqining porloq kelajagiga ishonchini o’z asarlarida ehtiros bilan kuylagan, davlat ichidagi ijtimoiy ziddiyatlar, xalq va saroy o’rtasidagi qarama-qarshiliklarni aql-idrok kuchi bilan hal qilgan dovyurak shoir va ulug’ mutafakkir qiyofasini yorqin gavdalantira oldi. Navoiy obrazini lirik-falsafiy yo’sinda hal etib, insoniy, ijtimoiy va ijodiy faoliyatini uning shoirlik tabiati bilan ochib berdi. Xo’jayev bu rolni sahnada 25 yil davomida ijro etdi va Davlat mukofotiga sazovor bo’ldi (1949). Karl Moor (F. Shiller, «Qaroqchilar»), Sattor (B. Rahmonov, «yurak sirlari»), Chjin Gun (Van Shi Fu, «may to’kildi»), Astrov (A. Chexov, «Vanya tog’a»), nolinakxa (R. Tagor, «Gang daryosining qizi»), Polvonov (S. Azimov, «Yulduzlar jamoli»), Sodiq Sobirovich (uyg’un, «qotil») kabi obrazlari aktyor ijodining yangi qirralarini ochdi. «Imon» (I. Sulton) dagi Komilov obrazi o’zining badiiy yaxlitligi, hayotiyligi bilan ajralib turadi. Obraz bilan aktyor o’rtasidagi uyg’unlik, tengqurlik, ularning axloqiy, ma’naviy va insoniy qarashlar jihatidan bir-biriga yaqinligi, inson psixologiyasini yaxshi bilishi san’atkorga sahnada ziyolining badiiy umumlashma qiyofasini gavdalantirishga imkon berdi. X. Paratov (A. Ostrovskiy, «Sepsiz qiz»), Solihboy (Hamza, «boy ila xizmatchi»), ayniqsa, Yago, Yuliy Tsezar (U. Shekspir, «Otello», «Yuliy Tsezar») kabi salbiy obrazlarni mohirona talqin etdi. Aktyor sahnada yaratgan yirik obrazlaridan yana biri Qirol Lir (U. Shekspir, «Qirol Lir») bo’lib, bu obrazni aktyor psixologik o’tkir, ijtimoiy, falsafiy va g’oyaviy mazmunga to’la tarzda gavdalantirdi. Salvador Alende (V. Chichkov, «Chili, senga ishonaman»), Kreont (Sofokl, «Antigona»), Mattias Klauzen (N. Gauptman, «Quyosh botish arafasida») kabi g’oyaviybadiiy mukammal obrazlarni aktyor umrining so’nggi yillarida yaratgan. Xo’jayev rejissyor sifatida «may to’kildi» (Van Shi Fu), «Abu Rayhon Beruniy» (Uyg’un), «yurak sirlari» (B. Rahmonov), «Boy ila xizmatchi» (Hamza, Bolgariyaning Xaskovo teatrida) singari spektakllarni sahnalashtirgan. Kinoda Hakimboyvachcha («qutlug’qon»), Davronbek («farzandlar»), Obiliy («Umid») kabi rollari bilan tanildi. O’zbekiston teatr arboblari uyushmasining raisi (1955-77). Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1967). Vafotidan so’ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2002). Sirdaryo teatri, Buxoro madaniyat kolleji, Toshkent o’rta maktablaridan biriga Xo’jayev nomi berilgan. Ad.: Feldman Ya. S, Olim Xo’jaev, T., 1961. Frunze Jo’rayev.