Xo’jayev Qudrat Umarovich

Xo’jayev Qudrat Umarovich (1911.5.5 — Toshkent — 1981.9.8) — aktyor, rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1956). Moskva teatr san’ati institutini tugatgan (1936). Ijodiy faoliyatini 1929 yilda Toshkent ishchi-yoshlar teatrida aktyorlikdan boshlagan. 1936-41 yillarda va yana 1952 yildan Hamza teatrida aktyor. 2-jahon urushi qatnashchisi. Yangiyo’l teatrida rejissyor, Samarqand va Namangan viloyat teatrlarining badiiy rahbari (1942-52). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida pedagog (1961 — 81). Fitratning «Arslon» spektaklidagi Imom roli Xo’jayevning ilk sahnaviy obrazidir. Frans (Shiller, «Karokchilar»), Laert, Kassio (U. Shekspir, «Otello»), Qori (A. Qahhor, «Tobutdan tovush»), Jogen (R. Tagor, «Gang daryosining qizi»), Tsezar (U. Shekspir, «Yuliy Tsezar»), Serebryakov (Chexov, «Vanya tog’a»), Sakkokiy (M. Shayxzoda, «Mirzo Ulugbek»), Saidxon (S. Azimov, «qonli sarob»), Ilhom (B. Rahmonov, «yurak sirlari») kabi rollari bilan Shuhrat qozongan. Rejissyor sifatida «Farhod va Shirin» (Xurshid), «momakaldiroq» (A. Ostrovskiy), «Halima» (F. Zafariy) singari spektakllarni saxnalashtirgan. Har qanday obrazning tashqi qiyofasi, nutqi, yurish-turishini, o’ziga xos odatlarini puxta o’ylardi, shu orqali qahramonining ichki dunyosini ochib berardi. Uning qahramonlari ko’pincha madaniyatli, bilimdon, salohiyatli bo’lardi. Xo’jayev satirik obrazlar ustasi sifatida ham tanilgan. Shu xususiyatlar kinofilmlardagi obrazlarida ham o’z aksini topgan (Nargiz, «Alisher Navoiy»; Naziriy, «Hamza»; Naqshobiy, «ikki dil dostoni» va boshqalar). As: go’zallik shaydosiman, T., 1976; Sahnaga yo’l, T., 1982; Monolog ob aktyorskoy jizni, T., 1983.