Xo’jayev Soyib
Xo’jayev Soyib (Sohibjon) (1910.5.12, Andijon viloyati Xonobod qishlog’i — 1982.3.5, Andijon, Toshkentda dafn etilgan) — O’zbekiston xalq artisti (1939). Aktyorlik faoliyatini 1927 yil Qo’qon drama teatrida boshlagan. Dastlab Mirshoxid Miroqilobdan ta’lim olgan. 1928-39 yillar Andijon viloyat teatrida aktyor. Truffaldino (K. Gostsi, «Malikai Turandot»), Soli domla (K. Yashin, «Urtoqlar»), Xolmat (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), Bobchinskiy (N. Gogol, «Revizor») kabi obrazlarni yaratib, komik aktyor sifatida ko’zga tashlanadi. 1939-82 yillar Muqimiy teatrida ishladi. Shu yillarda Xo’jayev sahna kulgisi, satira va yumor vositalarini yaxshi o’zlashtirib, xalq qiziqchilarining badihago’ylik, mimika va taqlid vositalaridan keng foydalanish, jarangdor nutq, so’z o’yini kabi an’analarni sahna imkoniyatlari doirasida rivojlantirishi tufayli jiddiy yutuklarga erishdi. O’zbek dramaturgiyasida yaratgan Mullado’st («Maysaraning ishi»), Huzurxo’ja («Nurxon»), G’ani («Oltin ko’l»), Xushmamat («Vatan ishqi»); tarjima asarlardagi Cherevik («Sorochinsk yarmarkasi»), Mikola («Natalka—Poltavka»), Devona («Guli siyoh»), Ser Tobi («O’n ikkinchi kecha») obrazlari shundan dalolat beradi. Xo’jayev, ayniqsa, H. G’ulom asarlari («Farg’ona hikoyasi», «Toshbolta oshiq», «o’g’il uylantirish», «ajab savdolar») dagi Kichkinaxo’ja, Toshbolta, Norxo’ja, vakil qassob rollarida katta muvaffaqiyat qozondi. Toshbolta rolini 1500 marta o’ynagan. Xo’jayev bir qancha filmlar («Nasriddinning sarguzashtlari»da choyxonachi, «yoryor»da Ahmadjon, «Dilbarim»da Zuhurov, «Yettinchi jin» da Sultan va boshqalar) da ham suratga tushgan. Toshkent televideniyesining «ekran xandasi», «Visol onlari» dasturlari va «tabassum» radiojurnalining doimiy qatnashchisi bo’lgan. «Soyibxo’ja operatsiyasi» (S. Imomov) spektakli (1999) Xo’jayevga bag’ishlangan. S. Xo’jayev xotirasiga bag’ishlangan kulgi san’ati ko’riktanlovlari o’tkazib turiladi. Vafotidan so’ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2003). Ad.: Qodirov M ., Soyib Xo’jaev. T., 1973. Muhsin Qodirov.