Xo’jayeva Salimaxon Shoyusupovna

Xo’jayeva Salimaxon Shoyusupovna (1916.1.1 — Toshkent — 2004.9.6) — opera xonandasi (lirikdramatik soprano), O’zbekiston xalq artisti (1967). Moskva o’zbek opera studiyasi (1941) va Toshkent konservatoriyasi (1945)ni tugatgan. Navoiy teatrida yakkaxon xonanda (1941— 67). Katta Farg’ona kanali qurilishida (1939), 2-jahon urushi davrida harbiy qismlarda madaniy xizmat ko’rsatgan. Toshkent konservatoriyasi (1961-72), Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti (1972-84)da pedagog. Xo’jayevaning yoqimli, jozibador ovozi, nurli chehrasi, yuqori vokal va aktyorlik maxrrati o’zbek va chet el mumtoz operalarida ijro etgan asosiy partiyalarda namoyon bo’lgan: Layli («Layli va Majnun»), Zuhra («Tohir va Zuhra»), Shirin («Farhod va Shirin»), tana («Er Targ’in», B. Brusilovskiy), Nigor («Ko’r o’g’li», U. Hojibekov), Tatyana, Liza, Iolanta (P. Chaykovskiy, «Yevgeniy Onegin», «Iolanta»), Karmen (J. Vize, «Karmen»), Lyubasha (N. Rimskiy- Korsakov, «Shoh qaylig’i») va boshqalar. Kontsert repertuaridan o’zbek xalq qo’shiqlari («Qoshlari qalamlar» va boshqalar), chet el kompozitorlari (Gendel, Mosart, Shubert, Glinka, Chaykovskiy va boshqalar) asarlari keng o’rin olgan. Shu bilan birga Xo’jayeva o’zbek bastakor va kompozitorlarining qo’shiq va romanslarining ilk ijrochisi sifatida ham tanildi: T. Sodiqovning «Bahor», M. Burhonovning «tabassum qilmading», «Ishqida» va boshqalar, A. Muhammedovning «Alla», Ham. Rahimovning «Sevimli yor» va boshqalar.