Xoksor
Xoksor (taxallusi; ismi Muhammad Rizo) (taxminan 1760 — Xiva — 19-asrning 1-yarmi) — o’zbek tilshunosi, shoir. Xiva va Buxoro madrasalarida tahsil olib, Arab va fors tillarini mukammal o’rgangan. Xoksor «Muntaxab ullug’ot» («tanlangan so’zlar», 1799) va «Zubd ullug’ot» («Sara, tanlab olingan so’zlar», 1840) kabi ilmiy lug’atlar yaratgan, lirik she’rlar yozgan. Xoksorning «Muntaxab ullug’ot» asarini shartli ravishda «Arabcha—forscha— O’zbekcha lug’at» deb aytish mumkin, chunki unda asosan Navoiy asarlarida, shuningdek, Navoiydan oldin yoki keyin o’tgan, fors va turkiy tillarda ijod qilgan ba’zi mumtoz shoirlarning asarlarida uchrovchi Arabcha, forscha va tushunilishi qiyin bo’lgan turkiy so’zlar izohlangan. Bunday so’zlarning ma’nosini oydinlashtirish uchun turli uslublarda yozilgan turkiy va forsiy adabiyot namunalaridan misollar keltirilgan. Ushbu lugatdan turli kasb-hunarlarga, ijtimoiy-iqtisodiy va tabiiy fanlarga doir ko’plab so’z va terminlar ham o’rin olgan. Shu jihatdan «Muntaxab ullug’ot» 18-asr ilmiy terminologiyasini o’rganishda muhim manba hisoblanadi. Xoksorning 2-asari «Zubd ullugot»da fors, o’zbek tillaridagi tushunilishi qiyin so’zlarning izohi berilib, ularning qaysi tilga mansubligi ko’rsatilgan. Xoksorning 2 she’ri — «Muntaxab ullugot»ga va bir muxammasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan (inv. № 1157) bayozga kiritilgan. Xoksor asarlarining 10 dan ortiq nusxalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. №275, 427, 428, 1203, 1681, 3852, 4010, 4367), Sankt Peterburgdagi Sharqshunoslik instituti (inv. №1818) qo’lyozmalar fondida saqlanadi. Ad.: Abdullaev V.A., Xoksor va nishotiy, Samarqand, 1960; Sherbak A.M., Grammatika starouzbekskogo yazika, M.— L., 1962; Tursunov U., O’rinboev B., O’zbek adabiy tili tarixi, T., 1982.