Xolchayon
Xolchayon — Yunon-Baqtriya va kushonlar davri madaniyatiga oid yodgorliklar majmuasi (miloddan avvalgi 4— milodiy 5-asr). Surxondaryo viloyatining Denov tumani hududida joylashgan. Bir necha tepalik (Xonaqohtepa, Qorabog’tepa, Maslahattepa va boshqalar)dan iborat. San’atshunoslik intining G.A.Pugachenkova rahbarligidagi arxeologiya san’at ekspeditsiyasi o’rgangan (1959-63). Xonaqohtepadan miloddan avvalgi 2-1-asrlarga oid hukmdor saroyi qoldig’i topilgan. Bino to’g’ri to’rtburchak shaklda, maydoni 35×26 metr bo’lib, Markaziy fasadi (old tomoni) to’rt ustunli ochiq ayvon (16,5×7 metr)dan iborat. Yog’och ustunlar ohaktoshdan ishlangan tagkursiga o’rnashtirilgan. Ayvondan katta zalga (17,6×6,1 metr) o’tilgan. Zal devorlari osti bo’ylab keng supa yasalgan. Bino fundamenta kvadrat shakldagi xomg’ishtlardan ishlangan, g’ishtlarning sirtiga turli shakldagi tamg’alar bosilgan. Bino bir qavatli, usti tekis qilib yopilgan bo’lib, tashqi qalinligi 2,2 metr, ba’zi joylarda 4 metrga yetgan. Zal va ayvon devorlarining pastki qismida devoriy surat izlari topilgan, yuqori qismiga esa haykalchalar ishlangan. G.A. Pugachenkovaning taxminiga ko’ra, saroy yuechji qabilalaridan birining jabg’usi Gerayga tegishli bo’lgan. Saroy xonalaridan ko’plab paykonlar, oltindan ishlangan yirik ko’krak nishonasi, oltin taqinchoklar, ipak parchasi, qimmatbaho tosh munchoq va Gemma parchalari, shisha idishlar, temir qilich, shuningdek, turli qadaxlar, sopol idishlar, ot mingan chavandoz haykalchalari topilgan. Xolchayon majmuasiga kiruvchi Qorabog’tepaning atrofi mudofaa devori (qalinligi asosida 8 metrga yetgan) bilan o’ralgan. Tepada hayot milodiy 3-asr boshigacha davom etganligi haqida Vasudeva I tangalari guvohlik beradi. Umuman, Xolchayondan 50 dan ortiq turli asrlarga oid tangalar topilgan. Ularning eng kadimgisi Yunon-Baqtriya podsholaridan Demetriy (miloddan avvalgi 200 yil) kumush tangasi, Geliokl (miloddan avvalgi 156-140 yil) tetradraxmasi, Kushon podsholaridan Kadfiz I, Kadfiz II, Kanishka, Xuvishka, Vasudeva I va Vasudeva II tangalari bo’lib, ular nafaqat Janubiy Baqtriya, balki shimoliy Baqtriya hududlarida ham keng tarqalgan. Xolchayon devoriy suratlarida uzum g’ujumi, yaproqlar, ular orasida osilib turgan qandaydir dumaloq mevalar, gullar tasviri o’rin olgan. Shuningdek, o’zaro kompozitsion uyg’unlikda bo’lgan odamlar obrazlari, yunon xudolari yoxud oliy hukmdorning mahobatli suratlari uchraydi. Devoriy suratlar orasida ayniqsa ikki erkak va bir ayol tasviri kishini o’ziga tortadi. Birinchi suratda erkak kishining og’zigacha qismi tushirilgan boshi tasvirlangan. Unda o’spirin yigitning kalta to’lqinsimon sochlari va qora ko’zlari, dumaloq iyagi, yarim oy shaklida chizilgan qora qoshlari, qirra buruni ko’zga tashlanadi. Bu suratda tub joyli baktriyalik aks etgan. Ammo, ikkinchi suratda dumaloq boshli, sochlari ustara bilan qirilgan, oltin isirg’a taqqan qulog’i chetida kokili bor, bodom qovoqli turk tasvirlangan. Ayol kishining surati yaxshi saklanmagan. Uning bosh qismidan qora sochlari va kamalaksimon qoshlarigina qolgan. Xolchayon saroyi ayvon va bosh zali devorlarining yuqori qismida, balandligi 2 metrli panno ustiga ishlangan piramon (Friz)da devorga yopishtirilgan qabartma haykallar majmuasi bo’lgan. Ular orasida Geray va uning urug’iga tegishli personajlar tasviri ko’p uchraydi. Geray saklarni qadimgi Baqtriyadan Janubga surib chiqargan 5 yuechji qabilasidan biri — Guyshuan qabila jamoasining sardori. Uning nomi bilan pul zarb etilganligi guyshuanlarni qolgan qabilalar ichida iqtisodiy jihatdan qudratli bo’lganligidan dalolat beradi. Zal Janubiy devorida chavandozlari bilan yelib ketayotgan 6 ta ot haykallari (qizil, oq va kora rangli) tasvirlangan. Otlarning asbobanjomlariga qaraganda, bu turdagi otlar yengil kavaleriyada xizmat qilgan. Bu devorda og’ir kavaleriyaga mo’ljallangan otlarning haykallari ham uchraydi. Ular metalldan ishlangan himoya qalqoniga o’ralgan. Bunday tipdagi otlar rasmi Vasudeva I tangalarida ham uchraydi. Bu ilk Kushonlar qo’shinining qurilishi va tarkibi haqida guvohlik beradi. Ad.: Pugachenkova G.A., Xalchayan. K probleme xudojestvennoy kulturi Severnoybaktrii, T., 1966; Pugache nkova A., Rtveladze E.V., Severnaya Baktriya — Toxaristan, Ocherki istorii i kulturi, T., 1990; Rtveladze E.A., Velikiy shelko- viy put, T., 1999. Ahmadali Asqarov.