Xoldorov Olimjon

Xoldorov Olimjon (taxallusi Olimjon Xoddor; 1932.18.9, Andijon viloyati Buloqboshi tumani Kulla qishlog’i) — shoir va yozuvchi, dramaturg. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1992), professor (2002). Farg’ona pedagogika institutini tugatgan (1952). Andijon radiosida muharrir (I960), «kommunist» (1965) va «yosh leninchi» (1966— 68) gazetalarida muxbir. O’zbekiston yozuvchilar uyushmasining Andijon bo’limi boshlig’i (1968-83). Dastlabki she’rlar to’plami — «arg’uvon tagida» (1965). Xoldorov «Andijon suluvlari» (1968), «kaftimdagi tuproq» (1970), «oshiqona» (1972), «Andijon bahori» (1976), «Subhidam qo’shiqlari» (1977), «kumush kosa» (1979), «To’yonato’yona» (1982), «Yer farzandi» (1986), «senga intilaman» (1986), «Davrani keng oling» (1990), «ko’z tegmasin» (1992) kabi to’plamlar muallifi. Shuningdek, u «men — Andijonman», «Andijon samosi», «kelajakdan bir sado», «roz», «karvon qo’ng’irog’i» kabi liroepik asarlar ham yozgan. 100 dan ortiq g’azallariga kuylar bastalangan. Xoldorov dramaturgiya sohasida xam bir qancha asarlar yozgan («qotil kim», 1992; «sevgi afsonasi», 1992; «anda jon qoldi», 1999). Asarlarida inson go’zalligi, ma’naviy olami, mehr-muhabbat va sadoqat haqida bahs yuritiladi. Xoldorovning so’nggi yillarda yirik epik janrlarga mansub «ko’ngil» (1992) qissasi, «Arosat» (1993), «Mirkomilboy» (1998) romanlari va boshqalar asarlari e’lon qilindi. Bolalarga bag’ishlangan «Boboruh» (2000) pyesasi ham bor. As: Saylanma, 3 j.li, T., 2001; pyesalar, T., 2002. Ad.: Vodiy kuychisi, T., 1992; Olimjon Xoldor, T., 2002.