Xolislar
Xolislar — jinoyat prosessida ishtirok etuvchilardan biri, O’zbekiston Respublikasi JPKga ko’ra, Xolislar surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan tergov harakati yoki boshqa harakatlar o’tkazilganligini, uni o’tkazish jarayoni va natijalarini tasdiqlash uchun chaqiriladi. Ular ishning oqibatidan manfaatdor shaxs bo’lmasligi lozim. Tergov harakatini boshlashdan oldin Xolislarga ularning huquq va majburiyatlari tushuntiriladi. Bu huquq va majburiyatlar O’zbekiston Respublikasi JPKda ko’rsatilgan (74-modda). Dastlabki tergovda tintuv o’tkazish, ko’zdan kechirish, guvohlantirish, tergov eksperimenti o’tkazish, tanib olish uchun ko’rsatish, ko’rsatuvni hodisa yuz bergan joyda tekshirish, eksperiment tadqiqotini o’tkazish uchun namunalar olish, murdani eksgumasiya qilish kabilar kamida 2 nafar xolis ishtirokida amalga oshiriladi. Xolislarni ishga jalb qilish dalillarni tiklashda katta ahamiyatga ega.