Xolmatov Niyozali

Xolmatov Niyozali (1947.20.2, Qo’rg’ontepa tumani) — miniatyurachi rassom, O’zbekiston Badiiy Akademiya akademik (1997), O’zbekiston xalq ustasi (2000). Moskva badiiy sanoat bilim yurtini tugatgan (miniatyura bo’yicha, 1973). Xolmatov ish faoliyatini Moskva badiiy gravyura korxonasining tajriba laboratoriyada boshladi (1973— 80), 1980 yildan «Usto» birlashmasi qoshidagi maktabda mutaxassislar tayyorlash bilan shug’ullanadi; O’zbekiston Badiiy Akademiyasining akademik kotibi (1998— 99), Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutida pedagog. Xolmatov bir nechta jamoat binolarini mahobatli asarlar bilan bezadi. Firdavsiyning «Shohnoma» asari va boshqa badiiy asarlarga miniatyuralar turkumlarini yaratdi. Xolmatov asarlari respublika va xalqaro ko’rgazmalar (Germaniya va boshqalar)da namoyish etilgan, muzeylar va xususiy to’plamlarda saqlanadi.