Xonaqoh
Xonaqoh — katta bino yoki uning asosiy xonasi: 1) diniy me’moriy inshootlar (masjid, madrasa va boshqalar)dagi katta xona (zal), ziyoratchilar uchun qurilgan jamoatxonapar, hujralar ham shunday ataladi; 2) sufiylar mashg’ulotlarini o’tkazishga mo’ljallangan katta xona va uning atrofiga qurilgan xujralardan iborat me’moriy maskan; 3) mahalla, qishloq masjidlarining tomi (yopmasi) gumbazli yoki tekis bo’lgan qishki qismi. Xonaqoh, odatda, murabba yoki to’rtburchak tarhli bo’lib, bir necha kirish eshigiga ega bo’lgan. Mujassamotida, ayniqsa, ochiq muhitda markaziylikka moyillik seziladi. Asosiy kirish eshigi an’anaviy usulda baland peshtoqli qilib qurilgan, eshiklar tobadoniga yog’och panjaralar o’rnatilgan, ichi oddiy, ravoqli, tokchali, mexrobi serhasham bezatilgan. Binolar tarkibidagi Xonaqoh maqbara bo’lgan yoki tunga o’xshash vazifani bajargan (masalan, Toshkent shahridagi Baroqxon madrasasidati Suyunchxo’ja maqbarasi, Abulkosim madrasasidagi Mo’yi muborak Xonaqoh va boshqalar). Mahalla masjidlari Xonaqohi gumbaz tomli qilib qurilsa ham, ayvonining shifti tekis bo’lgan. Ko’p holatlarda Xonaqoh ham, ayvon ham bir xil to’sinli qilib qurilgan. Yirik Xonaqohlar amaliy bezak san’ati namunalari (ganch va yog’och o’ymakorligi, naqqoshlik va boshqalar) bilan jozibador bezatilgan (Buxorodagi Xo’ja Zaynuddin, Chor Bakr, Qosim Shayx Xonaqohlari diqqatga sazovor). Xonaqoh maxsus bino sifatida O’rta Osiyoda Amir Temur davrida ham ma’lum bo’lgan, 16-asrdan keng miqyosda qurila boshlagan. Vaqt o’tishi bilan Xonaqohning vazifasi o’zgarib borgan, so’nggi o’rta asrlarga kelib Xonaqoh darvishlar zikru samo qiladigan maskanga aylana boshlagan.