Xonqa

Xonqa — Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi shaharcha (1981 yildan), tuman markazi. Amudaryodan 6 kilometr g’arbda, viloyat markazi (Urganch shahri)dan 12 kilometr sharqda joylashgan. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 35,9 ming kishi (2004). Shaharcha tarixiy adabiyotlarda Safardiz nomi bilan tilga olinadi. 13-asrda mo’g’ullar tomonidan vayron etilganidan so’ng bu yerda masjidning birgina xonakohi saqlanib qolgan. Ya. G’ulomovning ta’rificha, Xonqaning nomi (Xonaqoh— Xonaqo —Xonqa) shundan kelib chiqqan. Xonqada 1890 yilda rus savdogarlari tomonidan paxta tozalash zavodi qurilgan. Xonqada haftada 2 marta bozor bo’lgan. Shaharchada paxta tozalash zavodi, «Xonqa guruch», «don mahsulotlari» kombinatlari, O’zbekiston — Italiya «meva» konservalash qo’shma korxonasi va boshqalar bor. Savdo tijorat do’konlari, dehqon bozori, 40 maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchasi ishlab turibdi. 15 umumiy ta’lim maktabi, 4 kasb-hunar kolleji, 3 madaniyat uyi, 8 kutubxona, madaniyat va istirohat bog’i aholiga xizmat ko’rsatadi. Stadion, 40 sport maydonchasi, sport zali va boshqa sport inshootlari, Markaziy kasalxona, poliklinika, dorixona va boshqa tibbiy muassasalar mavjud. Xonqadan Urganch, To’rtko’l, Bog’ot, Hazorasp va boshqa shahar va shaharchalarga avtobuslar qatnaydi, Urganch—Toshkent poyezdi o’tadi. Me’moriy yodgorliklardan Sayd ota jome masjidi (1766, 1912, 1989 yillarda ta’mirlangan) va maqbarasi saqlangan. 17-19-asrlarda Xonqadan Dilovarxo’ja, Andalib, Islomxo’ja, Ibrohimxo’ja, Hoji Muhammad Aminaddin o’g’li kabi mashhur kishilar etishib chiqqan. Komil Nurjonov.