Xonquli to’pchiboshi
Xonquli to’pchiboshi (17-asr oxiri — 18-asrning 1-choragi) — Buxoro xonligining Rossiyaga yuborgan elchilari rahbari (1716-18). Xonquli to’pchiboshi rus asirlaridan bo’lib, musulmonlikni qabul qilgan va Buxoro xoni Abulfayzxon saroyida xizmat pog’onasida xon qulidan to’pchiboshi mansabigacha erishgan. Xonquli to’pchiboshi boshchilik qilgan elchilarning asosiy maqsadi Rossiya bilan Buxoro o’rtasida o’zaro boj olmay savdosotiq qilishni yo’lga qo’yish, asirlikdagi buxoroliklarni ozod qilish bo’lgan. Elchilik o’z vazifasini to’la ado etgan. Buxoro elchilari Peterburgdan 1718 yil 18 martda jo’nab ketishgan. Ashtarxonda ularning safiga Pyotr I tomonidan Rossiya davlatining Buxoro xonligidagi elchisi (aslida josuslik missiyasi boshlig’i) qilib tayinlangan Florio beneveni qo’shilgach (1718 yil 13 noyabr), har ikki elchilik hay’atini Eron orqali Buxoroga jo’nab ketishi ma’qul ko’rilgan. Ashtarxondan faqat 1719 yil 24 iyunda yo’lga chiqilgan. Xonquli to’pchiboshi va F. Beneveni Shirvon xoni huzurida — Shemaxada ancha turib qolishgach, 1721 yil 25 mayda Buxoroga yo’l olishgan. 1721 yil 6 noyabrda Xonquli to’pchiboshi va F. Beneveni boshchiligidagi elchilar Buxoro shaharda tantanali kutib olingan. Ad.: Poslannik Petra I na Vostoke. Posolstvo Florio Beneveni v Persiyu i Buxaru v 1718-1725 godax, M., 1986; Gulamov X. G., Iz istorii diplomaticheskix otnosheniy Rossii s buxarskim xanstvom XVIII v., T., 1992.