Xonto’rayev Turg’unboy Anorboyevich
Xonto’rayev Turg’unboy Anorboyevich (1935.31.12, Andijon viloyat Asaka shahri) — O’zbekiston xalq artisti (1988). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1957). 1954 yildan Hamza teatri (hozirgi O’zbek milliy akademik drama teatri) aktyori. «Qutlug’qon» (Oybek) spektaklidagi mirshab obrazi bilan o’z faoliyatini boshlagan. Kichik rollarni ham maromiga yetkazib ijro etish, qahramonining ichki va tashqi kechinmalarini atroflicha ochishga urinish, ular orqali ulkan badiiy-falsafiy umumlashmalar mujassam eta olish Xonto’rayev ijodiga xosdir. Idris (M. Dib, «Jazoir — mening Vatanim») , go’rkov (U. Shekspir, «Hamlet»), Sayyor (O. Yoqubov, «Yurak yonmog’i kerak»), Miller (F. Shiller, «makr va muhabbat»), Shokirboy (B. Avazov, «Furqat»), Boqijon (R. Bobojon, «tog’a jiyanlar»), Seydizo (M. Kaoru, «o’g’irlangan umr»), Sayfiqori (F. Musajonov, «oq kabutar»), bobo Kayfiy (M. Shayxzoda, «Mirzo Ulug’bek»), Maymandiy (Uyg’un, «Abu Rayhon Beruniy»), Musulmonqul (I. Sulton, Abdulla Qodiriyning «o’tgan kunlari») va boshqalar uning teatrda yaratgan eng yaxshi obrazlaridan.