Xonzoda begim

Xonzoda begim (1478, Andijon — 1544, Kobulhaq) — Farg’ona viloyati hokimi temuriy Umarshayx Mirzoning qizi. Zahiriddin Muhammad Boburning opasi. Onasi qutlug’ Nigor xonim Toshkent hukmdori, chingiziy Yunusxonning Eson Davlatbegimdan tug’ilgan ikkinchi qizi edi. 1501 yilda katta qo’shin bilan Samarqandni 5 oy mobaynida muhosara qilgan Shayboniyxon sulh evaziga Xonzoda begimni o’ziga xotinlikka so’raydi. Xonzoda begim Shayboniyxon nikohiga kiradi va undan Xurramshoh nomli o’gil ko’radi. Otasi Balx viloyatini keyinchalik unga beradi. 1510 yil Marvda Shayboniyxon halok bo’lgandan keyin Xonzoda begim Qunduzda turgan ukasi Bobur huzuriga 10 yillik ayrilikdan so’ng qaytib keladi. 1512 yil Xurramshoh dunyodan o’tadi. Xonzoda begim o’zining aklidroki va tadbirkorligi tufayli saroy ahli orasida yuksak hurmat va e’zozga sazovor buladi. Xonzoda begim Kobulhaq mavzeida vafot etadi. Uch oydan keyin uning xoki Kobulga keltirib, Bobur maqbarasiga dafn kilinadi. Ad. Zahiriddin Muhammad Bobur, Boburnoma, T., 1960; Fayziev T., Temuriylar shajarasi, T., 1995.