Xoqon, qag’an, qoon

Xoqon, qag’an, qoon — Markaziy Osiyolik ayrim xalqlarda, shu jumladan, turkiy xalqlarda hukmdorlarning eng oliy unvoni. Ushbu unvon imperator, shahanshoh unvonlari bilan teng ma’noni bildirgan. Miloddan avvalgi 1-asrdan to so’nggi o’rta asrlargacha Markaziy Osiyo, shimoliy Xitoy, Shimoliy Kavkaz, Janubiy Rossiya, Sharqiy Yevropa, Eron, Hindiston va boshqa o’lkalarda hukm surgan turkiy sulolalar aksariyatida hukmronlar uchun qo’llangan. Dastlab miloddan avvalgi 1-asrda Osiyo hunlarida ko’ringan ushbu unvon Yevropa hunlari — gunnlar, syanbilar, Tabg’ach (kelib chiqishi turkiy bo’lgan Xitoydagi shimoliy Vey sulolasi), eftaliylar, Avar xoqonligi (Sharkdy Yevropada), Turk xoqonligi, Xazar xoqonligi, Uyg’ur xoqonligi davlatlarida mavjud bo’lgan. Keyinchalik, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Usmoniylar davlatlarida ham yuksak unvon sifatida qo’llanilgan. Bundan tashqari, ushbu unvon turkiylar bilan qo’shni bo’lgan boshqa xalqlarda: slavyanlarda (Kiyev Rusi davlati), mo’g’ullar (Chingizxon imperiyasi)da ham ishlatilgan. Ayniqsa, Turk xoqonligi davrida oliy hukmdor sifatida davlat tepasida Xoqonlar turgan. Bu davrga taalluqli qadimgi turkiy, Xitoy, yunon, arman, suryoniy, sug’diy, baqtriy, Tibet tilidagi manbalarda turk Xoqonlari haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Xitoy yilnomalarida Xoqonlarning taxtga chiqish marosimi haqida keng tafsilotlar berilgan. Jumladan, Xoqon bo’ladigan shaxs oq kigiz ustiga o’tirg’izilib, 9 kishi tomonidan yuqoriga ko’tarilgan holda o’tov (chodir)ning atrofida quyosh yo’nalishida 9 marotaba aylantirilgan. So’ngra esa ipak ro’mol bilan tomog’i siqilib, undan qancha yil hukmdor bo’lishi so’ralgan, og’zidan chiqqan birinchi tovush yoki so’zga qarab, uning qancha muddat hukm surishi tayin qilingan. Shunga o’xshash ma’lumotlar yunon, Arab, fors, turkiy manbalarda ham saqlanib qolgan. Turk xoqonligi davrida, jumladan, 6-8-asrlarda Markaziy Osiyoning bir qancha o’lkalarida; Toxariston, Sug’d, Farg’ona, Choch, Yettisuvda «xoqon» unvoni bilan tangalar chiqarilgan. Ad.:Bichurin N.Ya., Sobranie svedeniy o narodax obitavshix v Sredney Azii v Drevnie vremena, t. 1-3, M.—L., 1950-1953. G’aybulla Boboyorov.