Xor musiqasi
Xor musiqasi — musiqa turi; xor ijrosi uchun mo’ljallangan musiqa asarlaridan iborat. Xalq va professional, diniy va dunyoviy Xor musiqasiga ajratiladi. Professional Xor musiqasida messa, motet, Madrigal, kantata, oratoriya, Rekviem kabi janrlar mavjud. O’zbekistonda Xor musiqasi 1930-yillarda yuzaga kelgan. Ilk namunalari o’zbek xalq qo’shiqlarining xor aranjirovkalari (masalan, E. Romanovskayaning «paxta teradi»), o’zbek musiqali drama va ilk o’zbek operalaridagi xorlardan iborat. Mustaqil Xor musiqasi asarlari (kantata, oratoriya va boshqalar) 1940-60 yillarda rivoj topdi (S. Yudakov, M. Ashrafiy, Ik. Akbarov, M. Burhonov va boshqalar). Keyingi yillarda o’zbek va boshqa xalq kuylarini qayta ishlash janrida M. Burhonov. S. Boboev, B. Umidjonov, N. Sharafiyeva va boshqalar samarali ijod qilishgan. M. Bafoyev, B. Lutfullaev, H. Rahimov, F. Yanovyanovskiy, N. G’iyosov, D. Omonullayeva va boshqa oratoriya, poyema, kantata, xor simfoniyasi va boshqa turkumli asarlar yaratishgan.