Xorionepitelioma

Xorionepitelioma (xorion, epiteliy va Yunoncha oma—o’sma) — homila tuxumi tukli pardasi (xorion) epiteliysidan yuzaga keladigan xavfli o’sma. Yosh (25-35 yashar) ayollarda uchraydi. Ko’pincha homiladorlik davrida, tug’ruq, Abortdan keyin elbo’g’ozdan paydo bo’ladi. Odatda, Xorionepitelioma bachadonda hosil bo’ladi, keyinchalik o’pka, bosh miya, qin, jigar va boshqa a’zolarga juda tez metastaz beradi. Asosiy belgilari: ayol jinsiy a’zolaridan qon yoki serozqon aralash oqchil keladi (bu homiladorlik, tug’ruq va hatto klimaks davrida ham kuzatiladi). Keyinchalik to’xtovsiz qon ketadi, bemor ozib (kaxeksiya), kamqon (anemiya) bo’lib qoladi. Davo, asosan, bemorning umumiy ahvoliga qarab olib boriladi (kimyoterapiya, gormonoterapiya, jarrohlik usuli va boshqalar).