Xorvatiya (Hrvatska), Xorvatiya Respublikasi (Republika Hrvatska)

Xorvatiya (Hrvatska), Xorvatiya Respublikasi (Republika Hrvatska) — Bolqon yarim orolining shimoliy g’arbiy qismida joylashgan davlat. Maydoni 56,6 ming km2. Aholisi 4,39 million kishi (2002). Poytaxti — Zagreb shahri. Ma’muriy jihatdan 20 jupaniy (okrug)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Xorvatiya — parlamentli respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1990 yil dekabrda qabul qilingan. 1997, 2000, 2001 yillarda tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — prezident (2000 yildan Stipe Mesich), u umumiy teng va to’g’ri yashirin ovoz berish nuli bilan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 2 palatali parlament — sabor (vakillar palatasi va jupaniylar palatasi), ijrochi hokimiyatni Prezident bilan hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Xorvatiya hududining Sharqiy qismi (Slavoniya) sertepa tekislikdan iborat, uni Sava va Drava daryo vodiylari kesib o’tadi. Mamlakat markazi va g’arbida karst relefli Dinara tog’ligi (eng baland joyi 1831 metr) bor. Bu tog’lik shimoli Sharqda pasaya borib, O’rta Dunay pasttekisligiga tutashadi. Janub va Janubi sharqi — Adriatika dengizining ensiz tog’li sohili (Dalmasiya) ko’pgina qo’ltiqlar bilan parchalangan. Qirg’oq yaqinida Dalmasiya orollari joylashgan. Xorvatiya sharqida iqlim mo’tadil, kontinental. Dinara tog’larida sovuq qish uzoq davom etadi, dengiz sohilida subtropik O’rta dengiz iqlimi. O’rtacha yillik yog’in 600-700 mm, sohilda 1000 mm gacha. Tekisliklar keng bargli o’rmonlar, tog’lar Buk, eman daraxtzorlari, aralash o’rmonlar bilan qoplangan, tog’lardagi karst platosi taqir bo’shliqdan iborat, sohilda O’rta dengiz atrofiga xos butazorlar (makvis) bor. Hayvonot dunyosi unchalik boy emas: tog’larda burgut, tog’echkisi, tekisliklarda kemiruvchilar, sudralib yuruvchilar va qushlar uchraydi. Aholisining 78,1% xorvatlar. Shuningdek, serb, sloven, Venger va boshqalar ham yashaydi. Shahar aholisi 56,2%. Dindorlarning aksariyati katoliklar. Rasmiy til — xorvat tili. Yirik shaharlari: Zagreb, Split, Rieka. Tarixi. Xorvatiya hududida odam ilk paleolit davridan boshlab yashaydi. Jez davrida illiriy, so’ng kelt qabilalari yashagan. Miloddan avvalgi 1-asrda Rim bosib olgan. Milodiy 1-asrda Xorvatiya ning talay qismi Rimning Pannoniya va Dalmasiya viloyatlariga, 395 yil esa Vizantiya tarkibiga kirgan. 6-7-asrlarda Xorvatiya hududida slavyanlar yashay boshladi. 8-asrda franklar bostirib keldi. 9-asr oxirida xorvat knyazlari Franklar va Vizantiya asoratidan qutulib mustaqillikka erishdilar, 925 yil Xorvat davlati (Qirollik) vujudga keldi. 10-asrda xristianlik tarqaldi. 1102 yil Xorvatiya Venger qirollariga tobe bo’lib, ichki o’zini o’zi boshqarish huquqini saqlab qoldi. 16-asr oxirida Xorvatiya hududining ko’p qismi Usmoniylar imperiyasi tasarrufiga o’tdi. Bir qismi Gabsburglar hukmronligi ostida qoldi. 17-asr oxiri — 18-asr boshlarida turklardan ozod qilingan yerlar (Slavoniya) harbiy hudud (Turkiya bilan chegaradosh bo’lgan viloyat; Gabsburglar imperiyasi tarkibida bo’lgan) tarkibiga, bir qismi 1809-13 yillarda illiriylar provintsiyasi tarkibiga kiritildi. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida xorvat millatining shakllanish jarayoni kuchaydi va 19-asr 1-yarmida millat sifatida shakllanib bo’ldi. 19-asrning 30-40-yillari xorvat yerlarida illiriylar ijtimoiy harakati yoyildi. 1848-49 yilgi Avstriya va Vengriyadagi inqilob natijasida Xorvatiya Gabsburglar imperiyasi tarkibida muxtoriyatga erishdi. Ammo inqilob bostirilgach, muxtoriyatdan mahrum bo’ldi. 1868 yilgi Xorvatiya Vengriya bitimi natijasida cheklangan muxtoriyatga erishdi. Avstriya-Vengriya davlati barbod bo’lgach (1918), Xorvatiya Serblar, xorvatlar va slovenlar (1929 yildan Yugoslaviya) qirolligi tarkibiga kirdi. 1939 yil avgustda Xorvatiya muxtoriyatga erishdi. 1941 yil aprelda fashistlar tomonidan okkupatsiya qilingan Xorvatiya hududida «mustaqil Xorvatiya davlati» degan qo’g’irchoq davlat e’lon qilindi. 1945 yil Xorvatiya hududi butunlay ozod qilindi va Yugoslaviya Federativ Xalq Respublikasi (keyinchalik Yugoslaviya Sotsialistik Federativ Respublikasi) tarkibiga kiritildi. 1963 yildan 1991 yilgacha Yugoslaviya tarkibida Xorvatiya Sotsialistik Respublikasi deb ataldi. 1991 yil iyunda Xorvatiya mustaqilligi to’g’risidagi Deklaratsiya qabul qilinib, mamlakat Xorvatiya Respublikasi deb atala boshladi. Xorvatiya — 1992 yil 22 maydan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 28 dekabrda tan olgan va 1995 yil 6 Fevraldan diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 30 may — Davlatchilik kuni (1990). Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Liberal partiya, 1998 yil tuzilgan; Sotsialdemokratik partiya, 1990 yil tashkil etilgan; Xorvatiya demokratik partiyasi, 1989 yil asos solingan; Xorvatiya dehqonlar partiyasi, 1990 yil tuzilgan; Xorvatiya Huquq partiyasi, 1861 yil millatchi partiya sifatida tashkil etilgan, 1990 yildan hozirgi nomda qayta tiklangan; Xorvatiya mustaqil demokratlari, 1994 yil asos solingan; Xorvatiya demokratik Hamdo’stligi, 1990 yil tuzilgan. Xorvatiya mustaqil kasaba uyushmalari konfedertasiyasi, 1990 yil asos solingan; Xorvatiya Muxtor kasaba uyushmalari birlashmasi, 1990 yil tashkil etilgan; Xorvatiya kasaba uyushmalari birlashmasi. 1990 yil tuzilgan. Xo’jaligi. Xorvatiya — industrialagrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 24%, qishloq xo’jaligining ulushi 12%, xizmat ko’rsatish sohasining ulushi 64%. Sanoati ning asosiy tarmoqlari: konchilik, kemasozlik, mashinasozlik, farmatsevtika, neftni qayta ishlash, elektron sanoati va hokazolar. Rashada toshko’mir, dengiz bo’ylarida neft va gaz, boksit va tsement xom ashyosi qazib chiqariladi, dengiz suvidan tuz ajratib olinadi, stanok, elektr texnikasi asboblari, dengiz kemalari, tsement, poyabzal ishlab chiqariladi. Mashinasozlik tarmoklaridan parovoz va vagonsozlik, elektr kuch jihozlari va boshqalar ishlab chiqarish rivojlangan. Neft kimyosi sanoati korxonalarida plastmassa, dori-darmon va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Yirik qora va rangli metallurgiya sanoati (cho’yan, po’lat, alyuminiy eritish) barpo etilgan. Yog’ochsozlik, ko’npoyabzal, to’qimachilik, oziq-ovqat korxonalari bor. Yiliga o’rtacha 8,3 mlrd. kVtsoat elektr energiya (ko’p qismi GESlarda) hosil qilinadi. Asosiy sanoat markazlari: Zagreb, SlavonskiBrod, Split. Qishloq xo’jaligi ichki ehtiyojni to’la-to’kis ta’minlaydi, dehqonchilik etakchi o’rinda. Bug’doy, makkajo’xori, kartoshka, qand lavlagi, kungaboqar, zig’ir, kanop, yem-xashak ekinlari yetishtiriladi. Bog’dorchilik (ko’proq olma va olxo’ri), tokchilik rivojlangan. Dengiz soxilida subtropik mevalar yetishtiriladi. Chorvachilikda qoramol, cho’chqa, qo’y va yilqi boqiladi. O’rmonlarda yog’och tayyorlanadi, dengizdan baliq ovlanadi. Temir yo’l uzunligi 2,7 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 26,9 ming kilometr. Asosiy dengiz portlari: Rieka, Koper, Kardelevo, Split, Shibenik. Xorijiy sayyohlik rivojlangan. Adriatika sohilida (Dubrovnik, Rieka, Split) yirik kurortlar bor. Chetga mashina va sanoat uskunalari, alyuminiy, iste’mol va oziq-ovqat mahsulotlari chiqaradi, chetdan xom ashyo, jihozlar, butlash qismlari va turli apparatlar oladi. Tashqi savdoda Germaniya, Italiya, Sloveniya, Avstriya bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — kuna. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Asosiy 8 yillik maktab ta’limning 1-bosqichi bo’lib, 7 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalarni qamrab oladi. Undan keyingi bosqich 2 yillik umumiy o’rta maktab; u umumiy o’rta ma’lumot beradi. Umumiy o’rta maktab negizida o’rta maxsus va oliy ta’lim amalga oshiriladi. Xorvatiya da bir qancha oliy o’quv yurtlari bor. Zagreb (1669), Rieka (1973), Split (1974)da universitetlar va bir qancha institut mavjud. Zagrebla Nafis san’at akademiyasi (1907), amaliy san’at va hunarmandchilik, teatr, kino va televideniye akademiyalari, Riekada dengiz maktabi tashkil etilgan. Zagrebdagi Fan va san’at akademiyasi (1867) tarkibida bir qancha ilmiy tadqiqot instituti, shuningdek, me’morlik va shahar loyihalash (1952), folklorni o’rganish (1948), tibbiyot tadqiqotlari (1947), tabiatni muhofaza qilish (1961), tarix va madaniyat yodgorliklarini saqlash (1910), Gidrometeorologiya (1947) va boshqa ilmiy uyushmalar ishlaydi. Splitda okeanshunoslik va baliq ovlash (1930), Dalmasiya tarixiy yodgorliklarini muhofaza qilish (1854) intlari mavjud. Yirik kutubxonalari: Zagrebda milliy va universitet (17-asr boshlarvda tashkil etilgan) kutubxonalari, Davlat arxivi kutubxonasi bilan (4643), Riekada ilmiy kutubxona (1627), Zadar, Dubrovnikda kutubxonalar, Splitda shahar kutubxonasi bor. Muzeylarning kupi zagrebda joylashgan. Yiriklari: Shahar galereyasi (1961), Arxeologiya (1846), Etnografiya (1919), geologiya paleontologiya (1846), Maktab pedagogika (1901), Xorvatiya tarixi (1846), Zoologiya (1846). Matbuoti, radioeshittirishi, teleko’rsatuvi. Asosiy gazeta va jurnallari: «Vesnik» («xabar», ijtimoiysiyosiy gazeta, 1940 yildan); «Glas Slavonie» («slavoniya ovozi», mustaqil gazeta); «Novi vesnik» («yangi xabarlar», gazeta, 1940 yildan); «Slobodna Dalmasiya» («Ozod Dalmatsiya», gazeta, 1943 yildan); «Sportske Novosti» («Sport yangiliklari», kundalik gazeta); «Arena» (bezakli haftanoma, 1957 yildan); «Globus» (siyosiy haftanoma, 1990 yildan). Xorvatiya axborot agentligi (xina), 1990 yil asos solingan. Xorvatiya radiosi 1926 yildan, televideniesi 1956 yildan ishlaydi.  Adabiyoti. Taxminan 1100 yil yaratilgan «Bashchan plitasi» asari xorvat xalq tili unsurlari bo’lgan dastlabki til va huquq yodgorligidir. Xalq og’zaki ijodiyoti, jumladan, xorvat qahramonlik dostonlari badiiy adabiyot shakllanishiga katta ta’sir ko’rsatdi. Gumanizm va italyan uyg’onish davri she’riyati ta’sirida rivojlangan Dubrovnik va Dalmasiya adabiyoti — 15-18-asr xorvat adabiyotining tarkibiy qismidir. 15-16-asrlargacha I. Chesmiskiy, Yu. Shijgorich, Ya. Bunich kabilar lotin tilida ijod qilgan bo’lsa, ulardan keyingi avlod yozuvchilari M. Marulich, Sh. Menchetich, J. Drjich, G. Lusich, M. Drjich, I. Gektorovichlar ona tiliga murojaat etdilar. 17-18-asrlarda I. Gundulich, J. Palmotich, Yu. Krijanich, N. va P. Zrinskiy kabi adiblar yetishib chiqdi. 18-asr oxiri — 19-asr o’rtalarida Xorvatiya milliy uyg’onish davrida ma’rifatparvarlik adabiyoti (M. Relkovich, T. Brezovachki) maydonga chiqdi. Illirizm vatanparvarlik oqimining atoqli namoyandalari L.Gay, D. Demeter, Stanko Vraz romantizm adabiyotiga asos soldilar. 19-asr oxiri — 20-asr boshlaridagi «xorvat moderni» badiiy oqimi adabiy jarayon rivojida sezilarli rol o’ynadi. Turli goyaviybadiiy oqimlarga mansub bo’lgan M. Dejman, V. Vidrich, D. Shimunovich, M. Maryanovich, A.G. Matosh shu oqimni rivojlantirdilar. 1 va 2-jahon urushlari oralig’ida shoir, yozuvchi va dramaturg M. Krleja adabiy muhitda yetakchilik qildi. 1941-45 yillardagi xalq ozodlik urushi yillarida V. Nazor, I.G. Kovachich, G. Vitez, Yu. Kashtelan, V. Popovich, J. Elichichlarning jo’shqin she’rlari xalqni ruxlantirib turdi. 2-jahon urushidan keyin ham ozodlik kurashi adabiyotning asosiy mavzui bo’lib qoldi. 60— 80-yillarda O. Shols, N. Milichevich, Z. Golob, S. Mixalich, M. Slavichek, T. Sablyak, N. Petrak, J. Sabol ijodida umumiy insonparvarlik ruhi ustunlik qildi. Drama sohasida P. Budak, I. Raos, F. Xajich, D. Roksandich asarlari shuhrat qozondi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Xorvatiya hududida istehkomli manzilgohlarning qoldiqlari, Adriatika sohilida ko’pgina antik, asosan, Rim shaharlarining xarobalari, qadimgi me’morlik yodgorliklari (miloddan avvalgi 1-asrga mansub Puladagi Avgust ibodatxonasi, miloddan avvalgi taxminan 300 yilga oid Splitdagi Diokletian saroyi) saqlanib qolgan. 9-asr boshi — 12-asr oxirlarida barpo etilgan turli shakldagi tosh cherkovlar, Knyaz saroylari (Split yaqinidagi biyachi degan joyda)da Vizantiya va Markaziy Yevropa me’morligi uslubidan foydalanilgan. 12-asr oxirida roman uslubi (Zadardagi 1175 yilga oid avliyo Krshevan cherkovi), 13-asrda gotika (Zagrebdagi diniy inshootlar) yoyildi. 15-16-asrlarda shaharlar kengaydi, tosh istehkomlar barpo etildi. Shu davrda Uyg’onish davriga xos me’morlik rivoj topdi (1431-1505 yillarga mansub Shibenikdagi sobor, 15-asrning 2-yarmiga oid Dubrovnikdagi Knyaz saroyi va boshqalar). 17— 18-asrlarda barokko uslubi urf bo’ldi (Zagrebdagi Orshichrauxov, Varajdindagi Patatichi saroylari). 19-asrda klassitsizm uslubidagi inshootlar (Zagrebdagi me’mor B. Felbinger saroylari), yangi uyg’onish va yangi barokko uslubidagi jamoat binolari (Zagrebdagi fan va san’at akademiyasi, Zagreb, Split, Dubrovnikdagi teatrlar) qurildi. 20-asr boshlarida avval yangi klassisizm, so’ng funktsionalizm ruhidagi inshootlar (Zagrebdagi birja va boshqa binolar) qad ko’tardi. Asr oxirlarida sanoat korxonalari, turar joylar zamonaviy materiallardan qurila boshladi (Zagrebdagi «Rujer Boshkovich» ilmiy markazi, me’mori K. Ostrogovich; aeroport, me’mori I. Uxlik, Splitdagi «Maryan» mexmonxonasi, me’mori L. Perkovich). Xorvatiya hududida neolit davriga oid sopol buyumlar, keyingi davrlarga mansub metalldan yasalgan badiiy buyumlar, antik haykaltaroshlik yodgorliklari (haykalchalar, releflar), qadama naqsh asarlari topilgan. 13-asrda haykaltaroshlikda roman uslubi (usta Andrey Buvina releflari) yoyildi, dastlabki devoriy rasmlar paydo bo’ldi. 16-asrda cherkov ibodatxonalari rangtasviri, 17-asr oxiri — 18-asr boshlarida barokko uslubidagi haykaltaroshlik va rangtasvir raem bo’ldi (F. Benkovich, B. Bobich asarlari, I. Ranger freskalari). 15-18-asrlarda yog’och o’ymakorligi, badiiy to’quvchilik, metallsoelik va sh.k. hunarmandchiliklar rivojlandi. 19-asr boshlarida tasviriy san’atda dunyoviy janrlar (portret va tarixiy kompozisiyalar) tarqaldi. F. Kikerez, V. Bukovats, Ts. Medovich asarlarida romantizm belgilari ko’zga tashlanadi. Rangtasvirchilardan M. Kralevich, Y. Rachich, grafikachi T. Krizman ijodida 20-asr xorvat rassomligi asoslari yaratildi. I. Meshtrovich, A. Avgustinchich va boshqa haykaltaroshlik san’atini rivojlantirdilar. V. Besich, L. Babich, Y. Mishe kabi rassomlar mamlakat tabiat manzaralari va xalq turmushini tasvirladilar. 20-asrning 2-yarmida rangtasvirchilardan E. Murtich, I. Voyvodich, M. Stanchich abstrakt san’at va syurrealizm ruxida ijod qildilar. Musiqasi. Xorvatiya musiqa madaniyatida xalq san’ati katta o’rin tutadi. Xorvatlarning qadimgi marosim, epik, raqs, lirik va boshqa xalq qo’shiqlari hozirgacha davom etib kelayotir. Professional musiqa 16-asrda yuzaga kelgan. N. Stepan (Spadina), skripkachi va kompozitor I.M. Yarnovich va boshqalar 18-asrning taniqli musiqa arboblaridir. 1827 yil Zagrebla musiqa jamiyati va uning musiqa maktabi (1916 yildan konservatoriya) va orkestri, shuningdek, Illirii xalq xor jamiyati (1839) tashkil etildi. Xorvatiya musiqa madaniyatini rivojlantirishda musiqashunos F. Kuxach, dirijyor va kompozitor I. Zayts, dirijyor N. Faller, kompozitorlardan B. Bersa va Y. Xatze faoliyati katta ahamiyatga ega bo’ldi. 1918 yil yagona davlat tuzilgach, xorvat milliy kompozitorlik maktabi vujudga keldi. 20-asr oxirlarida zagrebda «qardoshlik va birlik», Splitda «birlik» xor jamiyatlari, Zagrebda «Lado» xalq ashula va raqs ansambli va boshqa musiqa jamoalari ishladi. Taniqli kompozitorlari: I. Brkanovich, M. Kelemen, B. Papandopulo, S. Xorvat, R. Radika, D. Detoni. Teatri. 16-asrda dunyoviy teatr (Dubrovnikda havaskorlik truppalari, Dalmasiya shaharlarvda professional truppalar) paydo bo’ldi. 17-18-asrlarda maktab teatri rivojlandi. 1797— 1834 yillar Zagrebda birinchi doimiy «Amadey teatri» faoliyat ko’rsatdi. 1834 yil «Eski teatr» (1861 yildan «Milliy teatr») ochildi. 1896-98 yillarda dastlabki aktyorlar maktabi ishlab turdi. B. Gavella Xorvatiya teatri rivojiga katta hissa qo’shdi. U teatrlar repertuariga ilg’or milliy dramaturglardan M. Krleja, I. Tsankar, jahon mumtoz dramaturgiyasidan U. Shekspir, F. Dostoevskiy, L. Tolstoy, B. Shou, K. Chapek, B. Nushich pyesalarini kiritdi. 1950 yildan teatr, musiqa, kino, televidenie akademiyasi (Zagreb) ishlaydi. O’zbekiston — Xorvatiya munosabatlari endigina yo’lga qo’yilish bosqichida turibdi. 2003 yil ikki mamlakat o’rtasidagi tovar aylanmasi 115 ming AQSh dollarini tashkil qiddi. O’zbekiston tomoni turli xizmatlar ko’rsatish bilan shug’ullanadi. Xorvatiya tomoni elektr jihozlar, farmasevtika va konditer mahsulotlari yetkazib beradi. Xorvatiyaning muhandislik va qurilish ishlari bilan shug’ullanuvchi «Ingra. Injiniring end Konstrakshen K°» aktsiyadorlik jamiyati firmasi O’zbekiston Respublikasida o’z vakolatxonasini ochgan.