Xotira
Xotira — in’ikos etilgan narsa va hodisalarni yoki o’tmish tajribalarni esda qoldirish va zarur bo’lganda tiklashdan iborat psixik jarayon. U nerv sistemasi xususiyatlaridan biri bo’lib, tashqi olam voqealari va organizm reaktsiyalari hakidagi axborotni uzoq saqlash hamda uni ong faoliyatida va xulq, xattiharakat doirasida takror tiklash qobiliyatida namoyon bo’ladi. Xotira haqidagi dastlabki ilmiy qarashlar Sharq mutafakkirlari va yunon faylasuflari (Aristotel va boshqalar)da uchraydi. Xususan, Forobiy Xotiraga bilishdagi aqliy jarayonning tarkibiy qismi sifatida qarab, Xotirani faqat insonga emas, hayvonga ham xos xususiyat ekanini alohida ta’kidlagan. Xotiraning fiziologik asosi bosh miya yarim sharlari po’stlog’ining muvaqqat bog’lanishi va ularning keyingi faoliyatidan iborat. Xotira ko’lami, axborotlarning uzoq vaqt va mustahkam saklanishi, shuningdek, muhitdagi murakkab signallarni idrok etish va adekvat reaktsiyalarda ishlab chiqish bosh miya nerv hujayralari (neyronlar) sonining ko’payib borishi hamda uning strukturasi murakkablashuvi jarayonida o’sib boradi. Fiziologik tadqiqotlarda qisqa va uzoq muddatli Xotiralar qayd etilgan. Qisqa muddatli Xotirada axborotlar bir necha dakiqadan bir necha o’n minutgacha saqlanadi, neyronlar ishiga xalal berilganda (masalan, elektr shok, narkoz ta’sirida) u buziladi. Uzoq muddatli Xotirada axborotlar odam umri bo’yi saqlanib turli ta’sirlarga chidamli bo’ladi. Qisqa muddatli Xotira asta-sekin uzoq muddatli Xotiraga aylanadi. Xotira ruhiyatning o’tmish holati bilan hozirgi holati va kelgusidagi holatlarga tayyorlash jarayonlari o’rtasidagi o’zaro aloqadorlikni ko’rsatadi. Boshqa psixik hodisalar kabi Xotira ham shaxsning xususiyatlari, uning ehtiyoji, qiziqishlari, odati, fe’l-atvori va shu kabilar bilan uzviy bog’liq. Xotira namoyon bo’lishdagi shakliga ko’ra, shartli ravishda emotsional Xotira (his-tuyg’uni esda tutish), obraz Xotirasi (narsalarning tasviri va xususiyatlarini esda tutish), so’zmantiq Xotirasi (narsalarning mohiyati, mazmunini so’z bilan ifodalangan hodda esda tutish) kabi turlarga bo’linadi. Bulardan insonda so’zmantiq Xotirasi yetakchi o’rin tutadi. Xotiraning barcha turi bir-birlari bilan chambarchas bog’liq holda kechadi. Psixologiyada, shuningdek, ixtiyoriy va ixtiyorsiz Xotiralar farq qilinadi. Ixtiyoriy Xotirada muayyan materialni esda olib qolish oldindan maqsad qilib qo’yiladi; ixtiyorsiz Xotirada bunday maqsad bo’lmaydi — biror faoliyatda (masalan, mehnat jarayonida yoki kim bilandir suhbatlashib turilganda) o’z-o’zidan esda saqlab qolinadi. Barqarorligi jihatdan ixtiyoriy Xotira ixtiyorsiz Xotiradan samaraliroq. Fanda Xotira bilan bog’liq ravishda unutish masalasini o’rganishga ahamiyat berilmoqda. «Normal» unutishni psixik kasalliklardagi Xotira buzilishidan farq qilmoq kerak. Bu kasalliklarda Xotira susayishi (gipomneziya), yo’qolishi (amneziya) yoki bir tomonlama kuchayishi (gipermneziya) kuzatiladi. Ba’zi kasalliklarda u sifat jihatdan buziladi: bemorga bo’lmagan voqealarni go’yoki o’z boshidan kechirgandek tuyuladi, yoki qachonlardir bo’lib o’tgan voqealarni kecha yoki bugun ro’y bergan deb o’ylaydi (konfabulyatsiya, psevdoreminstsentsiya), Bunday soxta Xotiralar kishida jiddiy ruhiy xastaliklar oqibatida kelib chiqadi. Bunday kasalliklarga bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, shikastlanish, miyaga qon quyilishi holatlari, og’ir zaharlanishlar oqibati (masalan, alkogolizmda uchraydigan psixoz) va shu kabilar kiradi. Xotira buzilganda uni keltirib chiqaruvchi asosiy kasallikni davolashga e’tiborni qaratish kerak.