Xronometraj

Xronometraj (xrono… va metraj) — ishlab chiqarishda qo’lda yoki mashinada bajariladigan (takrorlanadigan) muayyan mehnat operatsiyasi uchun sarflangan vaqtni hisoblash. Xronometrajdan maqsad — mehnat operatsiyasining davomiyligini o’rganish, tahlil qilish va hisobga olish. Sekundomer yoki boshqa elektron vaqt o’lchash asboblari yordamida amalga oshiriladi. Xronometraj texnologik operasiya (masalan, soat, mashina yig’ishdagi muayyan bir amal)ni bajarish maromi va samarali usulini tanlash, ish me’yori va ish vaqtini belgilash, ishning bajarilishini nazorat qilishga imkon beradi. Xronometraj maqsadida kompyuterlardan ham foydalaniladi.