Xudoyberdi To‘xtaboyev (1932-2021)
Xudoyberdi To‘xtaboyev (1932.17.12, O‘zbekiston tumani Katta Tagob qishlog‘i — 2021.22.03, Toshkent shahri) — O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1991). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1982). Qo‘qon pedagogika bilim yurtini (1949), O‘rta Osiyo universitetini tugatgan (1955).
O‘rta maktabda o‘qituvchi va direktor (1955—58), «Toshkent haqiqati» gazetasida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1958—62), «Sovet O‘zbekistoni» (1962—70) gazetasi, «Guliston» jurnalida (1970—72), «Yosh gvardiya» nashriyotida (1972) bo‘lim mudiri va bosh muharrir o‘rinbosari (1974—76), «Gulxan», «Yosh kuch» jurnallarida bosh muharrir (1977—80), «Oltin meros» xalqaro xayriya jamg‘armasi boshqaruvi raisi (1980—1998) bo‘lib ishlagan.
Dastlab jurnalist sifatida tanilgan, feletonlar yozgan. Badiiy ijod bilan 20-asrning 50-yillarida shug‘ullana boshlagan. Ilk hikoyalar to‘plami — «Shoshqaloq» (1961). «Feletondan keyin» (1962), «Sir ochildi» (1963), «Sehrli qalpoqcha» (1964) singari qissalari, «Muhabbat qo‘shig‘i» (1967), «Jonginam, shartingni ayt» (1969), «Konizar yulduzlari» (1978), «Omonboy bilan Davronboy sarguzashti» (1974) va boshqa asarlar muallifi.
«Sariq devni minib» romani (1968) yozuvchiga katta shuhrat keltirgan. Shundan keyin «Sariq devning o‘limi» (1973), «Besh bolali yigitcha» (1976), «Qasoskorning oltin boshi» (1981), «Yillar va yo‘llar» (1983), «Shirin qovunlar mamlakati» (1986), «Mungli ko‘zlar» (1988), «Jannati odamlar» (1996) romanlari nashr etildi.
Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlari yumorga boyligi, bolalar hayoti, ularning o‘ziga xos tabiati, xususiyatlari, ruhiy kechinmalari nihoyatda jonli, qiziqarli va bolalarbop yo‘sinda mahorat bn tasvirlanishi jihatidan ajralib turadi.
Xudoyberdi To‘xtaboyev o‘zbek bolalar adabiyotini jahon miqyosiga olib chiqqan ijodkorlardan biridir. Asarlari tojik, qirg‘iz, turkman, ozarboyjon, arman, rus, ukrain, belorus, moldovan, eston, latish, litva, fin, bolgar, venger, nemis, chex, italyan tillariga tarjima bo‘lgan.
Sobiq Ittifoq Yozuvchilar uyushmasining yillik mukofoti (1971), O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining mukofoti (1972), Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989).
2021 yil 22 mart kuni Toshkent shahrida vafot etgan.