Xudoydod
Xudoydod, Xudododi Husayniy, Xudoydod Bahodir (? — 1409/1410) — Amir Temur sarkardalaridan biri. Seyiston (1382-83), Mozandaron (1384), To’xtamishxonga qarshi yurish larda (1389-95) faol qatnashgan, qo’shinning chap qanotiga tayin etilgan. Xalil Suyagponga otabeklik qilgan, keyinchalik u bilan nizolashib qolgan. Sohibqiron vafotidan keyin yuz bergan barcha voqealarda muhim rol o’ynagan. Xo’jand va Farg’ona o’sha vaqtda uning hukmronligi ostida bo’lgan. Sohibqironning Xitoyga yurishi chog’ida Xalil Sulton bosh bo’lgan qo’shinning so’l qanotida o’g’ruqqa rahbarlik qilgan. Sohibqiron vafotidan so’ng o’g’ruq bilan Xalil Sultondan ajralib chiqib, Achchiq Parkentga ketgan va Sirdaryo ortida isyon ko’targan. Xudoydod mo’g’ullar bilan sulh tuzib Sohibqiron egallagan barcha yerlarni ularga qaytarib bergan. Xudoydod Jizzaxga chopqun qilib, Amir Temurning ot uyurlarini haydab ketgan. 1407 yil Xalil Sulton Xudoydodga qarshi yurish qilgan. Xo’jand va Shohruxiya unga jangsiz taslim bo’lgan. Toshkent uzoq qamaldan so’ng taslim etilgan. Toshkentdan shimoldagi Sharobxona mavzeida Xalil Sulton qo’shiniga Xudoydod va Shayx Nuriddinlar qo’qqisdan tungi hujum — shabixun uyushtirganlar. Xalil Sulton katta talafot bilan Samarqandga chekingan. 1409 yil Shohrux Movarounnahrga qo’shin tortganidan foydalangan Xudoydod Uratepani egallab olgan. Xalil Sulton unga qarshi oz sonli qo’shin (4 ming kishi) bilan otlangan, biroq Samarqand yaqinidagi Sultoniya (yoxud Sheroz)da Xudoydod unga katta qo’shin bilan qo’qqisdan hujum qilib, uni asir olgan (1409 yil, 30 mart) va Samarqandni egallagan. Shohrux unga qarshi 7 aprelda qo’shin tortib, Xudoydodni ko’p marotaba o’z ixtiyori bilan tobe bo’lishga da’vat etgan. Xudoydod unga raqibi Shayx Nuriddinni qo’l-oyog’i bog’langan holda jo’natishlarini talab etgan. Shohrux buni rad etib, Sirdaryoga qo’shin tortgan. Xudoydod mo’g’ullar tomonidan qatl etilgan. Ad.: Nizomiddin Shomiy , Zafarnoma, T., 1996: Bartold VV., Sochineniya, t.2, chast 2, M., 1964.