Xulq, xulq-atvor
Xulq, xulq-atvor — axloqshunoslik tushunchalaridan biri. Insonning fe’l-atvori bilan bog’liq axloqiy hodisa bo’lib, kishi fe’lining axloqiylik doirasida namoyon bo’lishi tushuniladi. Insonning axloqiylik doirasidagi xatti-harakatlari Xulqdan tashqari odob va axloqni o’z ichiga oladi. Odob inson haqida yoqimli taassurot uyg’otadigan, lekin oila, jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida o’zgarish yasaydigan darajada ahamiyat kasb etmaydigan xatti-harakatlardan iborat bo’lsa, axloq — muayyan jamiyat, zamon, insoniyat tarixi uchun ta’sir eta oladigan turli xatti-harakatlar majmui, insoniy kamolot darajasini belgilovchi ma’naviy hodisa. Xulq qamrovlilik jihatidan ana shu ikki hodisa o’rtasidagi xususiyatlarga ega; u odobdan keng, axloqdan tor ma’noga ega bo’lib, axloq singari jamiyat, zamon, tarix miqyosidagi voqelikka ta’sir ko’rsata olmaydi. Lekin, oila, mehnat jamoasi, mahallako’y doirasida sezilarli darajada ko’zga tashlanadi. Axloq o’zini ezgulik va yovuzlik, adolat, insonparvarlik, fidoyilik singari ijtimoiylashgan tushunchalar va tamoyillarda namoyon qilsa, Xulq yaxshilik va yomonlik, burch, jumardlik, mehmondo’stlik kabi tushunchalarda aks etadi, odob esa kamtarlik, insoflilik, bosiqlik, halollik, rostgo’ylik va boshqa axloqiy me’yorlarda ifodalanadi. Sharq falsafasi va axloq ilmida mazkur uch axloqiy hodisa, juda qat’iy chegaralangan bo’lmasada, bir-biridan farqli tarzda olib qaralgan. Yevropada esa Xulq bilan axloq ko’p hollarda aynanlashtiriladi yoki ular bir-biriga sinonim tushunchalar sifatida talqin etiladi. Xulq o’zicha, «sof» olinganda mavhum axloqiy hodisa, u inson xattiharakatlarida aniqlik kasb etadi; ijobiy xatti-harakatlarda namoyon bo’lishi — xushxulqlilik, salbiy a’mollardagi ko’rinishi — badxulqlilik deb ataladi. Xushxulq inson muloyim, shirinsuxan, mexribonlik bilan munosabatda bo’lsa, badxulq odam qo’pol, og’zi shaloq, bemehr va hokazolar. bo’ladi. Abdulla Sher.