Xunan
Xunan — Xitoyning Markaziy qismidagi provintsiya. Yantszi daryosi o’rta oqimi va Duntinxu ko’li havzasida. Maydoni 210 ming km2. Aholisi 65 million kishi (1999). Ma’muriy markazi — Chansha shahri. Yer yuzasi g’arbiy va Janubiy qismida tog’lar, markazi va shimolda tekisliklardan iborat. Iqlimi subtropik, mussonli iqlim. Yillik yog’in 1100-2000 mm. Iqtisodiyotining yetakchi tarmog’i — qishloq xo’jalik, xususan, dehqonchilik. Asosiy ekini — sholi. Bug’doy, makkajo’xori, arpa, batat, Rami, raps, yer yong’oq, kunjut, tamaki, jut ekiladi. Choy va tung daraxti o’stiriladi. Bog’dorchilik, xususan, tsitrus mevalar yetishtirish rivojlangan. Yog’och tayyorlanadi. Chorvachilikda qoramol, cho’chqa boqiladi. Daryolardan va Duntinxu ko’lidan baliq ovlanadi. Xunanda surma, qo’rg’oshin, rux rudalari, volfram, marganes qazib chiqariladi. Syantanda elektrovoz, elektrotexnika uskunalari, stanoklar, Xanyanda kon uskunalari ishlab chiqariladi. Oziq- ovqat, qog’oz, to’qimachilik sanoatlari rivojlangan. Yantszi daryosi va Duntinxu ko’lida kema qatnaydi. Yirik shaharlari: Chansha, Syantan, Chjuchjou va boshqalar. Xunan hududida qadimda man qabilalari yashagan. 4-asrdan xitoylar ko’chib kela boshlagan. 1937-45 yillarda Xunan hududining katta qismi yaponlar qo’l ostida bo’ldi.