Xutak xotun

Xutak xotun — arablarga qarshi kurashgan Buxoro malikasi (673-695). 673 yilda Arab sarkardasi Ubaydulloh ibn ziyod Toxariston o’lkasini ishg’ol qilgandan keyin Amudaryoni kechib o’tib, Poykend va Romitan shaharlarini bosib oladi. Unga qarshi chiqqan Buxoro hukmdori Bidun o’ldirilgach, Buxoro hokimiyati uning ayoli qo’liga o’tadi va u arablarga qarshi kurashga boshchilik qiladi. Arabfors manbalarida ushbu ayolning ismi Xutak xotun, Qabaj xotun, xotun shakllarida zikr etiladi. Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarida qayd etilishicha, arablar tomonidan Buxorxudot Bidun o’ldirilgach, uning o’g’li Tug’shoda yosh bo’lganligi sababli o’rniga ayoli xotun o’tiradi. Xotun 695 yilgacha Buxoroni boshqargach, uning o’rnini o’g’li Tug’shoda oladi. Narshaxiyning ta’kidlashicha, Xotun hukmronlik qilgan davrda undan donoroq biror kishi bo’lmagan. U donolik bilan hukmronlik qilgani uchun xalq unga itoatda bulgan. Tabariyning «Tarix arrasul valmuluk» asarida qayd etilishicha, 681 yil arablarning Xurosondagi noibi Amir Salm ibn ziyod Buxoroga yurish boshlaydi. Bundan xabar topgan Xutak xotun turk xoqoni huzuriga elchi yuborib, uni yordamga chaqiradi. O’zining maktubida Xutak xotun xoqon bilan nikoh tuzishga rozi ekanligini xabar qiladi. Turk xoqoni katta qo’shin bilan Buxoroga yetib kelib, arablar bilan qattiq jang qiladi. Lekin, u arablardan mag’lubiyatga uchragach, Xutak xotun arablar bilan sulh tuzishga majbur bo’lsada, Buxoroni ancha yillar arablar hukmronligidan saqlab qoladi. Ad.: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966.