Xyuston

Xyuston — AQShning Janub qismidagi shahar, Texas shtatida. Aholisi 1,95 million kishi (2000). AQShning yirik neft va g’alla porti (yiliga 120 million tonna yuk ortib tushiriladi). Dengiz kemalari qatnaydigan kanal orqali Meksika qo’ltig’i va Galveston avanporti bilan bog’langan. Transport yo’llari chorrahasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. AQSh Janubning eng yirik sanoat markazlaridan. Neft, gaz, oltingugurt qazib olinadi va qayta ishlanadi (sintetik kauchuk, plastmassa, organik va neorganik ximikatlar, mineral o’g’itlar ishlab chiqarish). Qora metallurgiya rivojlangan. Neft va gaz sanoati uchun mashinalar, jihozlar va kuvurlar ishlab chiqariladi. Radioelektronika, kemasozlik, oziq- ovqat (jumladan, sholi oqlash), poligrafiya sanoati korxonalari mavjud. Universitetlar, Jonson nomidagi kosmosga uchish markazi bor. Shaharga 1836 yilda asos solingan. 1840 yilgacha «mustaqil» Texas Respublikasi poytaxti bo’lgan.