YADRONING BO’LINISHI

YADRONING BO’LINISHI — o’z- o’zidan (spontan) yoki bombardimon qiluvchi zarralar ta’sirida atom yadrosining deyarli teng ikki bo’lakka parchalanishi. Atom yadrolarida nuklonlar yadro kuchlari tufayli bog’langan. Yadrolarning bog’lanish energiyasi turli yadrolar uchun turlicha. Solishtirma (bitta nuklonga to’g’ri keladigan) bog’lanish energiyasi atom yadrolarining barqarorligini ifodalaydi: solishtirma bog’lanish energiyasi qancha katta bo’lsa, yadro ham shunchalik barqaror bo’ladi. Kimyoviy elementlar davriy sistemasida oxirgi o’rinlarni egallagan atomlar yadrolarining solishtirma bog’lanish energiyasi jadvalning o’rtasida joylashgan atomlar yadrolarining solishtirma bog’lanish energiyasidan taxm. 1 MeV kam. Shuning uchun og’ir yadrolarning jadvalning o’rta qismi elementlari yadrolariga bo’linishi (energetik jihatdan qulay) bo’ladi. Sistema bo’lingandan so’ng ichki energiyasi minimal holatga o’tadi. Chunki yadroning bog’lanish energiyasi qancha katta bo’lsa, yadroning hosil bo’lishida shuncha katta energiya ajralib chiqishi va demak, yangidan hosil bo’lgan sistemaning ichki energiyasi shunchalik kam bo’lishi kerak. Yadroning o’z-o’zidan (spontan) bo’linishi 92s7 uran yadrosida rus olimlari G.N.Flyorov va K.A.Petrjak tomonidan kashf etilgan (1940). Tashqi ta’sir natijasida yadrolarning bo’linishini nemis olimlari O. Gan, F. Shtrassman hamda E. Fermi va J. Kyuri (1938-39) kashf etgan. Yadrolarga, odatda, proton, neytron, deytron kabilar bilan ta’sir etiladi. Neytronlar bilan ta’sir etish, ayniqsa, samaraliroq bo’ladi. Spontan bo’linishida ham, tashqi ta’sir natijasida bo’linishida ham yadro elementlar davriy sistemasi o’rtalaridagi yadrolarga parchalanadi. Parchalanish mahsulotlari turlituman bo’lib, ularning massalari ko’pincha 2:3 nisbat kabi bo’ladi.