YAG’MO

YAG’MO — turkiy qabilalardan biri. 9-asr 1-yarmida Yag’molar uyg’urlar tarkibida bo’lgan. 840 yil uyg’urlar qirg’izlar bilan bo’lgan urushda yengilgach, ulardan 15 urug’ ajralib qarluqlar himoyasi ostiga o’tgan. «Yag’mo»— 15 urug’ birlashmasining turkiycha nomi. 10-asr boshida Yag’molarning katta bir qismi Qashqarga — Tyanshanning JanubiySharqiy yon bag’irlariga, Norin daryosining yuqori oqimidagi hududlarga ko’chib kelib, o’troqlashgan. Yag’molar Qoraxoniylar davlatini barpo etishda qarluq, chigil, xalaj kabi qabilalar bilan bir qatorda faol qatnashgan. Yag’molarning asosiy qismi 11-asrning 1-yarmida Qoraxoniylar qo’shini tarkibida Movarounnahrga kelib joylashgan va keyinchalik yerli xalqlar bilan aralashib, o’z etnik nomlarini unutganlar.