YAKKABOG’ ADIRI

YAKKABOG’ ADIRI — Hisor tizmasining Janubiy g’arbiy tarmoqlaridan Xontaxta, Beshnav, Eshakmaydon, Osmontarosh tog’larining g’arbida (Qashqadaryo viloyatida) joylashgan adir. G’arbiy chekkasi allyuvialprolyuvial tekislik bilan qo’shilib ketgan. Adir Janub g’arbdan shimoli sharqqa 50 kilometrga cho’zilgan. Shimoldan Oqsuv daryosi bilan chegaralangan. Balandligi g’arbdan sharqqa ko’tarila boradi va 1400 metrdan ortadi. Tanxozdaryo va Qizildaryolarning irmoqlari, quruq soilar, jarliklar bilan zich kesilgan. Suvayirg’ich qismlari ba’zi joylarda tekislangan yuzalardan iborat. Tektoik jihatdan antiklinal struktura bo’lib, yangi tektonik harakatlar natijasida shakllangan. Paleogen, neogen va to’rtlamchi davr konglomeratlari, qumtoshlari, qum aralash shag’al toshlar va lyosslardan tashkil topgan. Iqlimi kontinental, yozi issiq, quruq. 400-500 millimetrdan ziyod yog’in tushadi. Qor qoplamining qalinligi 5-7 santimetrga yetadi. Bo’z tuproqlar tarqalgan, asosan, efemer va turli buta o’simliklari o’sadi, asosan, yaylov sifatida foydalaniladi.