YAKUBOVSKIY ALEKSANDR YUREVICH

YAKUBOVSKIY ALEKSANDR YUREVICH (1886.20.1, Sankt-Peterburg 1953.21.3, Leningrad) — sharqshunos. SSSR Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1943), Tojikiston Fanlar Akademiyasi akademik (1951), O’zbekiston (1943), Tojikistonda (1946) xizmat ko’rsatgan fan arbobi. Sankt-Peterburg universitetining tarix-filologiya (1913), Leningrad universitetining Sharq fakultetini (1924) tugatgan. 1925 yildan moddiy madaniyat tarixi davlat akademiyasi (keyinchalik institut)da, ayni paytda 1928 yildan Ermitajda ishlagan; so’ng Leningrad universiteti professor (1935 yildan), sug’d-tojik arxeologik ekspeditsiyasining rahbari (1945 yildan). O’rta Osiyo, Kavkaz, Oltin O’rda, Iroqning o’rta asrlar tarixi bo’yicha ilmiy tadqiqotlar olib borgan. O’rta Osiyo xalqlarining moddiy madaniyati, tarixi, o’zbeklar va tojiklar etnogenezi, Ibn Sino hayoti va uning davriga oid tadqiqotlar muallifi. As: K voprosu ob etnogeneze Uzbekskogo naroda, T., 1941; Oltin O’rda va uning qulashi [B.D.Grekov bilan hamkorlikda], T., 1956.