YALANG XALTALI ZAMBURUG’LAR

YALANG XALTALI ZAMBURUG’LAR — askomisetlar sinfiga mansub zamburug’lar kenja sinfi. Ko’pchilik Yalang xaltali zamburug’lar bir hujayrali, kurtaklanish yoki bo’linish orqali ko’payadi; ayrim turlarida kuchsiz rivojlangan miseliy bo’ladi. Askirlari kurtaklanadigan hujayraning o’zida yoki bevosita miseliyda hosil bo’ladi; mevali tana hosil bo’lmaydi. 2 qabilasi (endomitsetsimonlar va tafrinsimonlar), 350 ga yaqin turi bor. Endomisetsimonlarga achitqichlar guruhi kiradi; aski zigotadan askogen giflari ishtirokisiz rivojlanadi. Tafrinsimonlarda dikariontik stadiyasi ustunlik qiladi. Tuproqda, mevalar sirtida va boshqalar shakarga boy substratlarsa uchraydi; o’simliklarda parazitlik qilib (asosan, tafrinsimonlar), to’qimalarda gipertrofiya paydo qiladi.